O‘zbekistonda notarial harakatlar videokonferensiya orqali ham amalga oshiriladi

Adliya vazirligida «Notarial harakatlarni videokonferensiya rejimi orqali amalga oshirish tartibi to‘g‘risida»gi nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Nizomga ko‘ra, jismoniy yoki yuridik shaxsning vakili notar idorasiga kelmasa ham, notarlar masofadan videokonferensiya orqali notar harakatlarini amalga oshirishi mumkin. Bunda videokonferensiya rejimi «E-notarius.uz» axborot portali hamda «Notarius» avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali tasdiqlanadi.
Murojaat qiluvchi notar harakatini videokonferensiya orqali amalga oshirishdan oldin elektron tarmoqqa kirib, shartlar bilan tanishadi va roziligini tasdiqlaydi. Shu bilan birga, u amalga oshiriladigan notar harakatining nomini aniq ko‘rsatadi va zarur ma’lumotlarni to‘ldiradi.
Notarius murojaat kelib tushganidan boshlab bir ish kuni ichida uni ko‘rib chiqadi va mavjud kamchiliklar yoki ularning yo‘qligi haqida murojaat qiluvchiga xabar beradi.
Shaxsiy videokonferensiya davomida notarial harakatining barcha ishtirokchilari shovqinsiz, yetarli yorug‘likka ega va videotasvir tiniq bo‘lgan joyda bo‘lishi shart. Notarial harakat loyihasi imzolashga tayyor bo‘lgach, notarius taraflarga ularning huquq va majburiyatlari, amalga oshirilayotgan harakatning mazmuni va oqibatlarini tushuntiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq nikoh shartnomalarini ham videokonferensaloqa orqali tasdiqlash mumkinligi haqida xabar bergan edik.