Paylov Humans bilan bog‘liq vaziyatga rasmiy izoh berdi

eʼlon qilindi
Kompaniya Humans tomoni ayblovlarini inkor qildi
Paylov Humans bilan bog‘liq vaziyatga rasmiy izoh berdi / Foto: Ochiq manbalar

Paylov Humans vakillari tomonidan e’lon qilingan munosabatga rasmiy pozitsiyasini bildirdi. Bu haqda kompaniyaning Telegram sahifasida ma’lum qilindi.

Kompaniya jabr ko‘rgan mijozlarga yetkazilgan ehtimoliy zarar faqat qonuniy, shaffof va to‘liq tartibda qoplanishi lozimligini ta’kidladi. Shu bilan birga, barcha rasmiy tekshiruvlar yakunlanmaguniga qadar jamoatchilikka faqat tasdiqlangan ma’lumotlar e’lon qilinishi muhim ekani qayd etildi.

Markaziy bank tomonidan Paylov’ga nisbatan chuqurlashtirilgan tekshiruv o‘tkazilgan va regulyatorga barcha zarur texnik ma’lumotlar taqdim etilgan. Shuningdek, kompaniya 2025-yil noyabr oyida PCI DSS xalqaro xavfsizlik standarti bo‘yicha, 2025-yil dekabr oyida esa Uzcard tizimi tomonidan o‘tkazilgan yillik auditdan muvaffaqiyatli o‘tganini bildirgan. Potensial firibgarlik alomatlari qayd etilgan barcha bank kartalari faqat Humans infratuzilmasiga bog‘langanligi aniqlangan, deyiladi munosabatda.

Paylov’ga ko‘ra, Humans infratuzilmasiga bog‘lanmagan kartalar orqali operatsiyalarni amalga oshirish yoki maxfiy API-kalitsiz tranzaksiyalarni bajarish texnik jihatdan imkonsiz hisoblanadi. Bundan tashqari, IP-manzillarni cheklash bo‘yicha Humans’dan rasmiy murojaatlar kelib tushmagan. Kompaniya hodisani birgalikda o‘rganish bo‘yicha Humans’ga bir necha bor takliflar yuborganini, biroq joyida audit o‘tkazish tashabbuslari qanoatlantirilmaganini bildirdi.

O‘zi nima bo‘lgan edi?

2025-yil 4 – 8 dekabr kunlari ayrim Humans foydalanuvchilari bank kartalaridan firibgarlik yo‘li bilan mablag‘ yechib olinishidan jabr ko‘rdi. Humans bu vaziyatda hamkori Paylov’ni ayblab, Paylov to‘lov servisining texnik infratuzilmasidagi zaiflik sababli yuzaga kelganini ta’kidlagan edi.

2025-yil 9-dekabr holatiga Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi «Humans» MChJni bankrot deb topish bo‘yicha «Octobank» AJ arizasini to‘liq qanoatlantirilib, Humans bankrot deb topildi. Markaziy bank tomonidan Humans mobil ilovasi orqali «Octagram» AJ tomonidan olib borilayotgan barcha to‘lov xizmatlari vaqtincha to‘xtatildi.

Sal o‘tib, Humans Mobile kompaniyasi O‘zbekistondagi barcha xizmatlari hech qanday uzilishlarsiz ishlayotgani, yuridik jarayonlar va sudning bankrotlik to‘g‘risidagi qarori mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatiga ta’sir qilmasligini bildirdi. Humans sud qarorlari ustidan bir necha bor shikoyat qilgan va apellyatsiya bergan bo‘lsa-da, sudlar ularni himoya qilishdan muntazam ravishda bosh tortib kelayotganini ma’lum qilgan.

2026-yil 7-yanvar holatiga, Markaziy bank Humans kompaniyasi bilan bog‘liq holat bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, «Humans» MChJga to‘lov xizmatlarini ko‘rsatgan «Octagram» AJ faoliyati yuzasidan regulyatorning tegishli farmoyishiga asosan ishchi guruh tuzilgan va tekshiruv o‘tkazilgan.

Eslatib o‘tamiz, hozirda Humans kompaniyasi bilan bog‘liq vaziyat Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda o‘rganilmoqda.

Shuningdek