Yangiliklar

Postlar faoliyatini davom ettiradi — Bojxona qo‘mitasi tugatilayotgan postlar yuzasidan izoh berdi

Bojxona qo‘mitasi raisining matbuot kotibi Husan Tangriyev
Bojxona qo’mitasi tugatilayotgan bojxona postlari yuzasidan tushuntirish berdi / Bojxona
Bojxona qo’mitasi tugatilayotgan bojxona postlari yuzasidan tushuntirish berdi / Foto: grigvovan / depositphotos.com

«Bojxona ma’muriyatchiligi va tashqi savdo tartibotlarini yanada soddalashtirish hamda samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonga ko‘ra, «Bobotog‘» bojxona punkti hamda «Uchto‘rg‘on», «Pop», «Rovot», «Rishton» va «Bekobod avto» chegara bojxona posti tugatilishi ma’lum qilingandi. Holatga Bojxona qo‘mitasi rasmiy izoh berdi.

Bojxona qo‘mitasi raisining matbuot kotibi Husan Tangriyevning aniqlik kiritishicha, farmon bilan bojxona ma’muriyatchiligini soddalashtirish maqsadida yuqoridagi oltita bojxona posti va punktida sinov tariqasida yangi tartib joriy etiladi.

Unga ko‘ra, 2026-yil 31-dekabrgacha avtotransport vositalarini ko‘zdan kechirish ishlari chegara qo‘shinlari tomonidan amalga oshiriladi. Biroq bu ushbu postlar yopilishini anglatmaydi.

Mazkur o‘zgarishlar bir-birini takrorlaydigan vazifalarni qisqartirishga qaratilgan bo‘lib, ayrim bojxona nazorati tartib-taomillarining chegara qo‘shinlariga o‘tkazilishini nazarda tutadi. Barcha sanab o‘tilgan bojxona postlari o‘z faoliyatini avvalgidek davom ettiradi.

Bundan oldin «Kursiv» nashri O‘zbekistonda elektromobillarni zaryadlash infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan yangi soliq va bojxona imtiyozlari joriy etilishi haqida yozgandi.