Yangiliklar

Rossiya migrantlar uchun majburiy tibbiy ko‘rik muddatini qisqartirdi

90 kundan 30 kungacha
Rossiyada chet elliklar uchun majburiy tibbiy ko‘rik muddati qisqartiriladi / Foto: Asia Plus

Rossiyada migratsiya siyosatini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihalari tayyorlanmoqda. Bu haqda Interfaks nashri ma’lum qildi.

Rossiya davlat dumasining spikeri Vyacheslav Volodinning ma’lum qilishicha, Rossiyaga uch oydan ortiq muddatga kelgan barcha chet ellik fuqarolar uchun majburiy tibbiy ko‘rik muddati 90 kundan 30 kungacha qisqartirilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, tibbiy tashkilotlar migrantlar bo‘yicha rasmiy xulosalarni Ichki ishlar vazirligiga, yuqumli kasallik aniqlangan hollarda esa «Rospotrebnadzor»ga xabar berishga majbur qilinadi, bu esa zarur hollarda migrantni tezkorlik bilan deportatsiya qilish imkonini beradi.

Qonun loyihasida migrantlarning tibbiy ko‘rikdan bo‘yin tovlashi uchun ma’muriy javobgarlik joriy etish, bunday holatda jarima va sud qarori bilan deportatsiya qilish nazarda tutilgan. Shuningdek, atrofdagilarga xavf tug‘diradigan kasalliklar yo‘qligini tasdiqlovchi rasmiy hujjatlarni soxtalashtirish va ularning aylanmasi uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirish ham taklif qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xabarovskdagi o‘zbekistonlikning vafoti yuzasidan Rossiyaga nota yuborilgan edi.