
O‘zbekistonlik 12 yoshli shaxmatchi Sarvinoz Begmuratova FIDE ayollar o‘rtasidagi sport ustasi unvoniga sazovor bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisning birinchi o‘rinbosari Alisher Sa’dullayev xabar berdi.
Sarvinoz Begmuratova ushbu unvonni qo‘lga kiritish orqali O‘zbekiston shaxmatida yangi sahifa ochdi. Bungacha hech bir o‘zbekistonlik shaxmatchi qiz 12 yoshida xalqaro toifadagi bunday martabaga erishmagan edi.

Ayni paytda maktabning oltinchi sinfida tahsil olayotgan Sarvinoz endilikda jahon shaxmatining nufuzli vakillari bilan bir qatorda e’tirof etilmoqda. Xalqaro shaxmat federatsiyasi tasnifiga ko‘ra, WFM (Woman FIDE Master) unvoni professional shaxmatdagi muhim bosqichlardan biri hisoblanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Javohir Sindarov da’vogarlar turnirida ishtirok etishi haqida xabar bergan edi.