Soxta Hofmann mahsulotlarini sotgan kompaniyaga 41 mln so‘mdan ortiq jarima solindi

Adliya organlari tomonidan Hofmann tovar belgisidan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, HOFMANN tovar belgisiga egalik qiluvchi «M.T.» MChJ ustidan kelib tushgan murojaat asosida o‘rganish ishlari olib borilgan. Tekshiruv davomida boshqa bir xo‘jalik yurituvchi subyekt tomonidan fonetik jihatdan Hofmann brendiga o‘xshash bo‘lgan Hofmanns nomi ostida kontrafakt mahsulotlar sotuvga chiqarilgani aniqlangan.
Adliya organlari xulosasiga ko‘ra, mazkur holat tovar belgisiga bo‘lgan huquqlarning buzilishi hisoblanadi. Amaldagi qonunchilikka muvofiq, o‘zganing tovar belgisidan ruxsatsiz foydalanish va bu orqali katta miqdorda zarar yetkazish jinoiy javobgarlikka ham sabab bo‘lishi mumkin.
Aniqlangan qonunbuzarlik uchun «M.T.» MChJga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida – 41 million 200 ming so‘m jarima qo‘llanildi.
Adliya vazirligi tadbirkorlarni o‘z brendlarini belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazishga va tovar belgisidan noqonuniy foydalanish holatlariga duch kelganda vazirlikning 1008 «ishonch telefoni» yoki info@adliya.uz elektron manzili orqali murojaat qilishga chaqirdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Silk brendidan noqonuniy foydalangan kompaniya 135 mln so‘m to‘laydigan bo‘lgani haqida yozgandi.