Tojikistonda sodir bo‘lgan zilzila kuchi O‘zbekistonning uchta viloyatida sezildi

9-yanvar kuni Toshkent vaqti bilan soat 02:14 da Tojikiston hududida 5,3 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Seysmoprognostik monitoring Respublika markazi xabariga ko‘ra, yerosti silkinishlari O‘zbekistonning sharqiy hududlarida ham sezilgan.
Zilzila epitsentri Toshkent shahridan 477 km janubiy-sharqda joylashgan bo‘lib, o‘choq chuqurligi 139 kmni tashkil etdi. Tabiiy hodisa koordinatalari 38,39 gradus shimoliy kenglik va 73,37 gradus sharqiy uzunlikka to‘g‘ri keladi.
O‘zbekiston hududida zilzila kuchi Farg‘ona viloyatida 2-3 ball (epitsentrdan 260 km uzoqlikda), Andijon viloyatida 2 ball (285 km) hamda Namangan viloyatida 2 ball (325 km). Talafotlar va vayronagarchiliklar haqida rasmiy ma’lumot berilmagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Hindistonning shimoliy-sharqida 5,4 magnitudali zilzila sodir bo‘lgani haqida xabar bergan edi.