Toshkentda BYD qizil chiroqda o‘tib, Nexia-3 va Cobalt bilan to‘qnashdi

Toshkent shahrining Sergeli tumanida 7-yanvar kuni BYD mashinasi haydovchisi svetoforning qizil chirog‘ida harakatlanib, ikkita mashina bilan to‘qnashdi. Bu haqda poytaxt Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Dastlab Nexia-3 bilan to‘qnashgan BYD avtomashinasi to‘xtab turgan Cobalt’ga ham borib urilishi oqibatida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. To‘qnashuvdan keyin BYD haydovchisi sarosimaga tushib, biroz harakatlanib ketgan va to‘xtagan. U voqea joyini tashlab ketmagan.
YHXB matbuot xizmatining yozishicha, BYD haydovchisi haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan. Bundan tashqari, avtomashina boshqarish ko‘nikmasi ham yo‘q bo‘lgan.
Hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq BYD kompaniyasi uzoq masofalarni bosib o‘ta oladigan Qin L DM-i sedanining 2026-yilgi modeli bilan rasman tanishtirgandi.