Yangiliklar

Turkmanistonda go‘sht narxini tanqid qilib yo‘qolgan blogerning qabri topildi

34 yoshli Didar Amansaxatovning hibsga olinganidan so‘ng vafot etgani tasdiqlandi
Foto: Turkmen.news

Turkmanistonda go‘sht narxining oshib ketganini tanqid qilganidan so‘ng bedarak yo‘qolgan bloger Didar Amansaxatovning qabri topildi. Bu haqda Turkmen.news xabar bermoqda.

Didar Amansaxatovning qabrtoshida uning tug‘ilgan va vafot etgan sanalari 30.05.1991—20.11.2025 shaklida qayd etilgan. Didar Xitrovskiy taxallusi bilan tanilgan bloger 2025-yil oxirida ijtimoiy tarmoqlarda go‘sht narxining 140–150 manat (516 ming so‘m)ga ko‘tarilib ketganini hajviy tarzda tanqid qilgan edi.

Foto: Turkmen.news

«Go‘sht 150 manat, 140 manat bo‘lganini qayerda ko‘rgansiz? Yo narxni tushirasizlar yoki biz go‘shtdan voz kechamiz», — degan edi u o‘zining so‘nggi videosida.

Ushbu chiqishidan ko‘p o‘tmay bloger g‘oyib bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u 15 sutkaga qamalgani aytilgan bo‘lsa-da, keyinchalik uning vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Blogerning o‘limi sabablari ochiqlanmagan. Jurnalistlar bilan suhbatlashgan anonim manbaga ko‘ra, blogerning o‘limi haqidagi xabarga hamdardlik bildirib izoh yozgani uchun u Milliy xavfsizlik vazirligiga chaqirilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekiston Nyu-York meri Maduroning qo‘lga olinishini urush harakati deb baholagani haqida xabar bergan edi.