Xitoyda atigi besh daqiqada quvvatlanadigan elektromobil taqdim etildi

Xitoyning BYD kompaniyasi elektromobillar bozorida muhim yangilikni taqdim etdi. Ishlab chiqaruvchining ma’lum qilishicha, yangi avlod elektromobillari besh daqiqada 400 kilometrgacha yo‘l bosish uchun yetarli quvvat olishi mumkin.
Bu ko‘rsatkich elektromobilni quvvatlash jarayonini deyarli an’anaviy benzin quyish tezligiga yaqinlashtiradi.
Yangi texnologiya Super e-Platform deb nomlangan arxitektura asosida ishlab chiqilgan. Uning asosiy elementi – Flash-Charging Battery bo‘lib, u 1000 ampergacha tok va 1000 volt kuchlanishga bardosh bera oladi. Natijada quvvatlash jarayonida maksimal quvvat 1 000 kVt (1 MVt) ga yetadi. Bunday yuqori kuchlanishli tizim batareya, elektromotor va kuch elektronikasi ishini optimallashtirib, ichki energiya yo‘qotishlarini kamaytiradi.
Platformada, shuningdek, 30 ming aylanish/daqiqagacha ishlay oladigan elektromotorlar va yangi avlod SiC-kuch elektronikasi qo‘llanilgan. Bu texnologiyalar avtomobilning samaradorligi, tezkorligi va energiya tejamkorligini oshirishga xizmat qiladi.
BYD kompaniyasi mazkur ultratez quvvatlash texnologiyasiga ega birinchi quvvatlash stansiyalarini 2026-yil aprel-may oylarida ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Dastlab loyiha Xitoyda yo‘lga qo‘yiladi, keyinchalik esa Yevropa va Janubiy Afrika bozorlariga ham chiqish ko‘zda tutilgan.
Yangi platformada yaratilgan ilk modellar – BYD Han L sedani va BYD Tang L krossoveri bo‘ldi. Ular Xitoy bozorida allaqachon oldindan buyurtma uchun ochilgan. Han L modeli 270 ming yuandan, Tang L esa 280 ming yuandan boshlanadi.
Mutaxassislarning fikricha, BYD’ning ushbu ishlanmasi elektromobillar atrofidagi asosiy muammolardan biri – uzoq quvvatlanish vaqti bilan bog‘liq xavotirlarni sezilarli darajada kamaytirishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan GM yangi avtomobilining tizerini e’lon qilgani haqida yozgandi.