Yangiyo‘lda go‘shti uchun itini so‘ygan fuqaro ushlandi

Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahrida go‘shtini yeyish uchun itini o‘ldirgan fuqaro qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda fuqaro o‘zi boqayotgan uy hayvoniga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lgani aks etgan video tarqalib, muhokamalarga sabab bo‘lgach IIBB holatni o‘rgangan. Aniqlanishicha, voqea 2025-yilning sentabr oyida Yangiyo‘l shahri Sabo mahallasida yashovchi 27 yoshli fuqaro tomonidan sodir etilgan. U ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushlangan.
Hozirda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasi bilan hujjatlar rasmiylashtirilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Ushbu moddaga ko‘ra, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish, ularning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib kelsa – BHMning o‘n baravarigacha miqdorda jarima yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa sabab bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yangiyo‘lda chumchuq go‘shtidan shashlik tayyorlagan choyxona rahbari jarimaga tortilgandi.