Yangiliklar

Yevropa Ittifoqi Suriyaga 620 million yevro gumanitar yordam puli ajratadi

O‘tgan yili Yevropa Ittifoqi Suriyaga nisbatan iqtisodiy sanksiyalarni bekor qilgan edi
Yevropa Ittifoqi Suriyaga 620 million yevro gumanitar yordam puli ajratadi / Foto: Al Jazeera

Yevropa Ittifoqi Suriyaga urushdan keyingi tiklanish, ikki tomonlama yordam va gumanitar ko‘mak uchun 620 mln yevro ajratadi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.

Yevrokomissiyasi prezidenti Ursula fon der Leyenning ta’kidlashicha, Assad rejimi ostida yillar davomida yuzaga kelgan vayronagarchilikdan so‘ng, Suriyaning tiklanish va qayta qurilish ehtiyojlari ulkan. U bu holatni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rganini aytdi.

Fon der Leyen Yevropa Ittifoqi Suriya bilan hamkorlik kelishuvini tiklash bo‘yicha muzokaralarni boshlashni rejalashtirayotgani va 2026-yilning birinchi yarmida yuqori darajadagi uchrashuvlarni o‘z ichiga olgan yangi siyosiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishini ma’lum qildi.

O‘tgan yili Yevropa Ittifoqi Suriyaga nisbatan iqtisodiy sanksiyalarni bekor qilgan edi. Bu qaror mamlakatdagi o‘n yildan ortiq davom etgan fuqarolar urushi va muxolifatning uzoq yillik avtoritar prezident Bashar Asadni ag‘darib tashlaganidan so‘ng qabul qilingan.

Fon der Leyen, shuningdek, bu hafta Suriyaning shimoliy Aleppo shahrida hukumat kuchlari va kurd jangchilari o‘rtasida zo‘ravonlik kuchayganini «xavotirli» deb atadi va barcha tomonlar o‘rtasida doimiy muloqot zarur ekanini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Suriyada yangi banknotalar muomalaga kiritilishi haqida yozgan edik.