Avto

BYD kompaniyasi arzon elektromobillar ishlab chiqaruvchi yangi brendini ishga tushiradi

Yangi marka faqat taksi xizmatlari va yirik korporativ avtoparklar uchun mo‘ljallangan arzon elektromobillarni taklif qiladi
Foto: MIIT

BYD kompaniyasi arzon elektromobillar ishlab chiqaruvchi Linghui brendini ishga tushiradi. Bu haqda «Kitayskie avtomobili» ma’lum qildi.

Yangi marka faqat taksi xizmatlari va yirik korporativ avtoparklar uchun mo‘ljallangan arzon elektromobillarni taklif qiladi. Dastlabki uchta model haqidagi ma’lumotlar Xitoy sanoat vazirligi bazasida paydo bo‘ldi.

Linghui brendidagi eng arzon model Linghui e5 bo‘ladi. Ushbu avtomobil 2021 – 2024-yillarda ishlab chiqarilgan Qin Plus EV’ning soddalashtirilgan versiyasi hisoblanadi. Dizayndagi o‘zgarishlar minimal darajada bo‘lib, tashqi bezaklar qisqartirilgan. Sedan 136 ot kuchiga ega bitta elektromotor bilan jihozlangan va maksimal tezligi 130 km/soatni tashkil etadi. Batareya sig‘imi va yurish zaxirasi hozircha ochiqlanmagan.

Foto: MIIT

Model qatorining o‘rtasida Linghui e7 joylashadi. U avvaldan taksi bozori uchun ishlab chiqilgan va 2025-yil bahorida taqdim etilgan BYD e7’ning qayta nomlangan ko‘rinishidir. Texnik jihatdan avtomobil o‘zgarmagan. Elektromotor quvvati 136 ot kuchi, maksimal tezlik 150 km/soat. 48 va 57,6 kVt/soatli batareyalar bilan taklif etiladi. Maksimal yurish masofasi 520 km’gacha yetadi. Asosiy farq yangi Linghui logotiplaridadir.

Foto: MIIT

Brend flagmani Linghui e9 bo‘ladi. Model Han EV bazasida yaratilgan bo‘lib, ilgari BYD e9 nomi ostida taksi versiyasi sifatida ma’lum edi. Avtomobil 204 ot kuchigacha bo‘lgan elektromotorlar bilan jihozlanadi. U 60,5 kVt/soatli batareyani saqlab qolishi va taxminan 500 km yurish zaxirasini taklif qilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri BYD Yuan Max elektromobili sinovdan o‘tkazilayotgani haqida yozgan edi.