Yangiliklar

Fransiyada muxolifat NATOdan chiqishni taklif qildi

Partiya Milliy Assambleyaga maxsus rezolyutsiya loyihasini kiritdi
Fransiyada muxolifat NATOdan chiqishni taklif qildi
Foto: AUSA

Fransiyaning chap qanotdagi «La France Insoumise» partiyasi mamlakatni NATOdan chiqarish masalasini ko‘tardi. Partiya Milliy Assambleyaga maxsus rezolyutsiya loyihasini kiritdi.

Hujjat deputat Klemans Gette tomonidan taqdim etildi. U Milliy assambleya vitse-prezidenti hisoblanadi. Rezolyutsiyada Fransiyaning NATOdagi integratsiyalashgan harbiy qo‘mondonlikdan chiqishi taklif etilgan.

Gettening aytishicha, tashabbus AQSh tashqi siyosatiga javob sifatida ilgari surilgan. U Donald Tramp prezidentligi davridagi qarorlarni tanqid qildi, deb xabar berdi Telegraph.

Deputat AQShni Venesuelaga aralashuvda aybladi. Shuningdek, Falastindagi zo‘ravonliklarning qo‘llab-quvvatlanishini tanqid qildi. Grenlandiya bilan bog‘liq tahdidlar va xalqaro huquqni buzgan bombardimonlar ham tilga olingan.

Klemans Gette Fransiya NATOdagi rolini qayta ko‘rib chiqishi kerakligini aytdi. Uning fikricha, integratsiyalashgan qo‘mondonlikdan chiqish NATOdan to‘liq chiqish degani emas.

Bu tashabbus Fransiya siyosatida keskin bahslarni keltirib chiqardi. Tarafdorlar buni mustaqil tashqi siyosat sari qadam deb bilmoqda. Tanqidchilar esa xavfsizlik va ittifoqchilar bilan aloqalar zaiflashishidan ogohlantirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri YI Janubiy Amerika bilan 25 yildan so‘ng erkin savdo bitimini yakunlagani haqida yozgan edi.