O‘zbekiston iqtisodiyoti 2025-yilda 7,3 foizga o‘sdi — BMT

BMTning dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2025-yilda 7,3 foizga o‘sdi. Bu haqda «Jahon iqtisodiyoti holati va 2026-yil istiqbollari» nomli hisobotda qayd etilgan.
Unga ko‘ra, 2026-yilda respublika yalpi ichki mahsuloti o‘sishi 6 foizni tashkil etadi. 2027-yilda esa bu ko‘rsatkich 5,9 foizgacha sekinlashishi mumkin.
BMT inflyatsiya bo‘yicha prognozlarni ham e’lon qildi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, inflyatsiya darajasi 9 foiz deb baholangan. 2026-yilda u 7,1 foizgacha, 2027-yilda esa 5,6 foizgacha pasayishi kutilmoqda.
Ekspertlar Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishda bir qator omillardan foyda ko‘rayotganini ta’kidladi. Ular qatorida oltin narxlarining oshishi, infratuzilmaga yirik investitsiyalar va turizm sohasining kengayishi bor.

Ma’lumot uchun, o‘tgan yilning 11 oyida O‘zbekiston xorijga deyarli $10 mlrdlik oltin eksport qilgan. Dekabr oyida esa qimmatbaho metall narxi ilk bor bir unsiya uchun $4,4 mingdan oshgan. Narxlarning ko‘tarilishiga global geosiyosiy vaziyat va jahon savdosidagi keskinlik ta’sir qilgan.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonning davlat qarzi jahon standartlariga ko‘ra, mo‘tadil va boshqariladigan darajada hisoblangani haqida yozgan edi.