
Qoraqalpog‘iston Respublikasida narkosavdogarlar qo‘lga olindi. Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) va IIV tezkor xodimlari hamkorligida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga qarshi tezkor tadbir o‘tkazdi. Bu haqda DXX ma’lum qildi.
Tadbir davomida 1972-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan mahalliy fuqaro 9 gramm «opiy» moddasini Shumanay tumanida yashovchi, 1965-yilda tug‘ilgan shaxsga 4 mln so‘mga sotayotgan vaqtida ushlandi. Shuningdek, narkosavdogarning yonidan qo‘shimcha 5 gramm «opiy» ham ashyoviy dalil sifatida olindi.
Tekshiruv jarayonida aniqlanishicha, u giyohvandlik moddasini 1981-yilda tug‘ilgan, ilgari giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan tanishidan olgan. Xo‘jayli tumanida davom ettirilgan tezkor tadbirda ushbu shaxs 20 gramm «opiy»ni 8 mln so‘mga sotayotgan paytda qo‘lga olindi.
Bundan tashqari, uning yonidagi sumkadan 1 kg 176 gramm «opiy» moddasi topildi. Aniqlanishicha, mazkur giyohvandlik vositasi Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan.
Hozirda uch nafar gumondorga nisbatan Jinoyat kodeksining 28, 246-moddasi 2-qismi va 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ularga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Qashqadaryoda yashirin aroq sexidan 1 813 dona qalbaki aksiz markasi topilgani haqida yozgan edi.