
Samsung kompaniyasining Samsung Galaxy S26 smartfonlari 11-martdan sotuvga chiqadi. Fransiyaning Dealabs nashri ma’lumotiga ko‘ra, bu sana AQShda 25-fevral kuni bo‘lib o‘tadigan rasmiy taqdimotdan ikki hafta o‘tib belgilangan.
Galaxy S26 liniyasiga an’anaviy tarzda uchta model kiradi. Bular oddiy Galaxy S26, kattaroq ekranli Galaxy S26 Plus va eng kuchli Galaxy S26 Ultra hisoblanadi.

Eng ko‘p muhokama qilinayotgan masalalardan biri narxlar bilan bog‘liq. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Janubiy Koreyada narxlar oshishi mumkin. Biroq bu o‘sish Yevropa bozoriga ham ta’sir qiladimi, hozircha noma’lum. Yevropa uchun aniq narxlar va xotira konfiguratsiyalari hozircha e’lon qilinmagan.
Avvalroq Galaxy S26 Ultra tezkor quvvatlash bo‘yicha katta sakrash qilishi xabar qilingandi. Smartfon 30 daqiqada 0 foizdan 75 foizgacha quvvat olishi mumkin. Bu ko‘rsatkich Galaxy S25 Ultra’dan ancha yuqori bo‘lishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung kompaniyasining keyingi chorakdagi foydasi uch baravarga ko‘payishi prognoz qilingani haqida yozgan edi.