Tramp: AQSh Rossiya va Xitoyni tiyish uchun Grenlandiyaga egalik qilishi kerak

AQSh prezidenti Donald Tramp AQSh Grenlandiyaga egalik qilishi zarurligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qadam Rossiya yoki Xitoyning orolni egallashining oldini olish uchun kerak.
Tramp Oq uyda neft kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv chog‘ida jurnalistlarga shunday dedi.
«Grenlandiya bo‘yicha biror ish qilamiz, yoqadimi yoki yo‘q. Aks holda uni Rossiya yoki Xitoy egallaydi», – dedi AQSh prezidenti.
Uning ta’kidlashicha, faqat harbiy kelishuvlar yetarli emas. Trampning aytishicha, egalik himoya demakdir. Ijara esa yetarli kafolat bermaydi.
Ma’lumot uchun, Grenlandiya hududida AQSh 1951-yildagi kelishuv asosida harbiy ishtirokka ega. Orol aholisi qariyb 57 ming kishini tashkil etadi. Hudud Daniya tarkibidagi avtonom hudud hisoblanadi.
Reuters xabariga ko‘ra, Oq uyda Grenlandiyani AQSh nazoratiga o‘tkazish bo‘yicha turli variantlar muhokama qilinmoqda. Ular orasida harbiy bosim va aholini moliyaviy rag‘batlantirish g‘oyalari ham bor.
Bu bayonot Yevropada keskin norozilik uyg‘otdi. Kopengagen va boshqa Yevropa poytaxtlari Trampning fikrlariga tanqid bilan munosabat bildirdi. AQSh va Daniya NATO doirasida ittifoqchi hisoblanadi.
Fransiya, Germaniya, Italiya, Polsha, Ispaniya, Buyuk Britaniya va Daniya qo‘shma bayonot berdi. Unda Grenlandiya masalasini faqat Grenlandiya va Daniya hal qilishi mumkinligi ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri AQSh Grenlandiyani sotib olish variantini muhokama qilayotgani haqida yozgan edi.