2025-yilda 103 ming nogironligi bo‘lgan bola ta’lim bilan qamrab olindi

2025-yilda 103 ming nogironligi bo‘lgan bola ta’lim va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olindi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, yil davomida 60 mingta ariza ko‘rib chiqilib, 37,1 ming nafar bolaga xulosa berildi. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan ikki baravar ko‘p bo‘ldi. Umumta’lim maktablaridagi inklyuziv sinflarga berilgan xulosalar soni 1,7 mingdan 6,4 mingtagacha oshdi.
Birinchi marta 1,8 ming nafar bola bog‘chalardagi inklyuziv guruhlarga, 5,4 ming nafar bola esa davlat-xususiy sheriklik asosidagi «kunduzgi parvarish» xizmatlariga yo‘naltirildi. Natijada Muruvvat internat-uylariga yuborilgan bolalar soni 40 foizga kamayib, 254 taga tushdi.
«Kunduzgi parvarish» xizmati doirasida 313 nafar tadbirkor 4,1 ming nafar nogironligi bo‘lgan bolani o‘z xizmatlari bilan qamrab oldi. Ushbu maqsad uchun 16,5 mlrd so‘m subsidiya mablag‘lari ajratildi.
Bundan tashqari, alohida ta’lim ehtiyojiga ega bolalar uchun imkoniyatlar kengaytirilib, 2,4 ming ta «inklyuziv sinf» va 750 ta «korreksion xonalar» tashkil etildi. Natijada nogironligi bo‘lgan 103 ming maktab yoshidagi bola ta’lim va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olindi va qamrov darajasi 79 foizdan 82 foizgacha oshdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ijtimoiy himoya xodimlari faoliyatiga to‘sqinlik uchun jarima belgilangandi. Unga ko‘ra, shaharsozlik hujjatlarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun shart-sharoitlar ko‘rsatilmagan holatda ekspert tashkilotlar ijobiy xulosa bersa, BHMning 50 – 70 baravari miqdorida jarima belgilanadi.