
2025-yil yakunlariga ko‘ra, Xitoyning BYD kompaniyasi Tesla’ni ortda qoldirib, dunyoda eng ko‘p elektromobil sotgan ishlab chiqaruvchiga aylandi. Sotuvlar bo‘yicha yangi hisobotlar BYD’ning jiddiy ustunlikka erishganini ko‘rsatdi.
2025-yilda BYD 2,25 milliondan ortiq to‘liq elektr avtomobil sotdi. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan qariyb 28 foizga oshgan. Tesla esa 2025-yilda 1,6 mln dona elektromobil sotgan va bu 2024-yilga nisbatan 9 foizga kam.

Natijada BYD Tesla’dan 600 mingdan ortiq elektromobil ko‘proq sotdi. Bunga asosiy sabab sifatida narx siyosati ko‘rsatilmoqda. Masalan, Xitoyda BYD Qin L modeli taxminan $16,5 ming turadi, Tesla Model 3 esa $33 ming atrofida baholanadi. Ya’ni BYD deyarli ikki barobar arzon.
BYD nafaqat Xitoy, balki boshqa bozorlarda ham tez kengaymoqda. 2025-yilda kompaniyaning xalqaro savdosi ilk bor 1 mln donadan oshdi va bu bir yil ichida 150 foiz o‘sishni anglatadi. Yevropada ham BYD’ning eng arzon modeli Tesla’dan ancha past narxda taklif qilinmoqda.
Bundan tashqari, BYD plug-in gibrid avtomobillarni ham faol sotmoqda. 2025-yilda kompaniya 2,3 milliondan ortiq PHEV avtomobil sotdi. Tesla esa bu segmentda umuman ishtirok etmaydi. Natijada BYD’ning umumiy savdosi qariyb 4,5 mln avtomobilga yetdi.

Tesla savdolariga AQShda elektromobillar uchun imtiyozlarning bekor qilinishi va kompaniyaning Robotaxi loyihasiga e’tibor qaratgani ham ta’sir etgani aytilmoqda. Mutaxassislar Tesla bozordagi farqni qisqartirish uchun yanada arzon yangi platforma taqdim etishi zarurligini ta’kidlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq BYD yangi flagmanlar Han va Tang 9-seriyasini e’lon qilgandi. Ushbu avtomobillar brendning premium yo‘nalishidagi asosiy yangiliklari bo‘lishi kutilmoqda.