«Ochiq budjet» portalida yangi funksiyalar ishga tushdi

«Ochiq budjet» portalida «Mening maktabim» loyihasi bo‘yicha ovoz berish jarayonida ayrim qulayliklar joriy etildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, endilikda ota-onaning «E-Maktab» tizimiga ulangan telefon raqami o‘zgargan yoki SMS xabarlari kelmayotgan holatlarda muammoni hal qilish mumkin.
Portalda «Qayta kalit so‘z yuborish» va «Telefon raqamni qayta biriktirish» funksiyalari ishga tushirildi. Ushbu imkoniyatlar orqali ovoz berishda ishtirok etishdagi texnik muammolarni tez va oson bartaraf qilish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, «Mening maktabim» loyihasining ikkinchi bosqichi bo‘yicha ovoz berish jarayonlari 11-yanvardan amalga oshiriladi. Saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan loyihalar uchun ovoz berish 20-yanvar kuni soat 23:59 ga qadar davom etadi.