Ortda qolayotgan haftada qanday voqealar yuz berdi

O‘zbekiston va jahonda ortda qolayotgan haftada bir qancha voqealar yuz berdi. Kursiv Uzbekistan ularni bir joyga jamladi.
2026-yilda sayohat uchun eng arzon uchta davlat aniqlandi
«Tutu» sayyohlik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston, Belarus va Qirg‘iziston bu yil eng arzon xalqaro sayohat yo‘nalishlari uchligiga kirdi. Ushbu uch mamlakat orasida Belarus eng arzon yo‘nalish bo‘ldi, bu yerda ikki kishilik bir haftalik ta’til o‘rtacha $995 ni tashkil qiladi. Keyingi o‘rinda O‘zbekiston qayd etilgan, bu yerda taxminan $1156 ketadi. Qirg‘izistonda esa $1306 kerak bo‘ladi.
O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi uchun faqat bitta davlat bilan muzokara qoldi
Prezidentning Jahon savdo tashkiloti bo‘yicha vakili Azizbek Urunovning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston tashkilotga a‘zo bo‘lish uchun faqat bitta davlat bilan ikki tomonlama muzokarani yakunlashi kerak.
U o‘zining LinkedIn sahifasida qaysi davlat ekanini yozmagan. Oxirgi marta Rossiya bilan ikki tomonlama muzokaralar yakunlanib, tegishli protokol imzolangandi. O‘shanda Urunov faqat Tayvan qolganini aytgandi.
Markaziy bank oltin quymalarini qaytarib sotib olish narxlarini e’lon qila boshladi
Markaziy bank oltin quymalarini sotish bilan birga qaytarib sotib olish narxlarini ham e’lon qila boshladi. Regulyatorga ko‘ra, 5-yanvar holatiga 5 grammli oltin quymaning narxi 8,9 mln so‘mdan 8,735 mlnga tushdi. Uni qaytarib sotib olish narxi esa qadog‘i but holatda 8,395 mln so‘m, talablarga mos kelmaydigan holatda 8,311 mln so‘mni tashkil etadi.
Maduro qo‘lga olingach neft narxi arzonlashdi
Financial Times ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni hibsga olishi tufayli dunyoda neft narxlari pasayib ketdi, dollar esa qimmatlamoqda. 5-yanvar kuni Brent markali neft fyucherslari 0,5 foizga pasayib, bir barrel uchun $60,44 ni tashkil etdi. Amerika WTI nefti esa 0,6 foizga pasayib, bir barrel uchun $56,97 ni tashkil etdi.
O‘zbekistonda majburiy avtosug‘urta narxlari bir necha baravar qimmatlashdi
2026-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekistonda avtotransportni majburiy sug‘urtalash (OSAGO) bo‘yicha yangi tariflar kuchga kirdi. Narxlar Hukumatning 2025-yil 24-iyuldagi 458-qarori asosida belgilangan. Qarorga muvofiq sug‘urta polisi narxi to‘rt baravarga, sug‘urta qoplamasi esa ikki baravarga oshgan.
1-fevraldan gaz va elektr subsidiyasiga arizalar onlayn qabul qilinadi
O‘zbekistonda ehtiyojmand oilalar 1-fevraldan boshlab elektr energiyasi va gaz xarajatlari uchun subsidiya olishga onlayn tarzda murojaat qilishi mumkin bo‘ladi.
Yangi tartibga ko‘ra, fuqarolar arizalarni Yagona milliy ijtimoiy himoya tizimi, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, davlat xizmatlari markazlari yoki mahallaga biriktirilgan ijtimoiy xodim orqali topshirishi mumkin. Arizalar har oyning 16-sanasiga qadar qabul qilinadi va avtomatik tarzda ko‘rib chiqiladi.
Humans kompaniyasi bilan bog‘liq holat Toshkent shahar IIB tomonidan o‘rganilmoqda — Markaziy bank
Markaziy bank Humans kompaniyasi bilan bog‘liq holat bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, «Humans» MChJga to‘lov xizmatlarini ko‘rsatgan «Octagram» AJ faoliyati yuzasidan regulyatorning tegishli farmoyishiga asosan ishchi guruh tuzilgan va tekshiruv o‘tkazilgan.
Tekshiruv yakunlari bo‘yicha tuzilgan ma’lumotnoma belgilangan tartibda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga yuborilgan. Hujjatlar holatga huquqiy baho berish hamda amaldagi qonunchilik doirasida choralar ko‘rish uchun taqdim etilgan.
Kia avtomobillarining narxlari pasaydi — narx
Xitoyda Kia avtomobillarining narxlari pasaydi. Kompaniya pasaytirilgan narxlarni joriy qilgan. Aksiya kompaniyaning barcha modellari uchun amal qiladi va yanvar oyi oxirigacha davom etadi. Bu holat bozorda navbatdagi narxlar urushi boshlanganidan darak berishi mumkin.
Chegirmalar faqat belgilangan komplektatsiyalar uchun taqdim etilmoqda. Odatda bu o‘rtacha jihozlanish darajasidagi versiyalar hisoblanadi. Ayrim modellarga foizi subsidiyalangan avtokredit, yonilg‘i kartasi va 5 ta bepul texnik xizmat kabi bonuslar ham qo‘shilgan.
Avtomobillarga ekostikerlarni onlayn olish imkoni yaratildi
Avtotransport vositasi uchun ekostikerlarni olish xizmati onlayn tarzda yo‘lga qo‘yildi. Ariza Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida topshiriladi. Xizmatdan foydalanish bepul bo‘lib, faqat pochta orqali yetkazib berish uchun to‘lov olinadi.
Jarayonga ko‘ra, ariza beruvchi YIDXP’da avtorizatsiyadan o‘tadi va elektron ariza yuboradi. Arizada transport vositasi haqidagi ma’lumotlar hamda ekologik stikerni yetkazib berish manzili ko‘rsatiladi. Tizim pochta xarajatlari uchun invoysni avtomatik shakllantiradi. Foydalanuvchi ushbu to‘lovni elektron shaklda amalga oshiradi.
Toshkent metrosi sxemasi yangilandi: nimalar o‘zgardi
Toshkent metropoliteni liniyalarning yangilangan grafik metro sxemasi taqdim etildi. Unda yo‘lovchilar uchun muhim metro harakat jadvali va vaqt ko‘rsatkichlari aniqlashtirilgan.
O‘zgarishlarga asosan, Yunusobod va Halqa yerusti yo‘li yo‘nalishlarida Toshkent metrosi bekatlar oralig‘idagi vaqt ko‘rsatkichlari qayta hisoblab chiqildi. Yangilangan xarita orqali poyezdlarning birinchi va oxirgi bekatlar o‘rtasidagi o‘rtacha harakatlanish vaqtini aniq ko‘rish mumkin.
O‘zbekiston iqtisodiyoti 2025-yilda 7,3 foizga o‘sdi — BMT
BMTning dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2025-yilda 7,3 foizga o‘sdi. Bu haqda «Jahon iqtisodiyoti holati va 2026-yil istiqbollari» nomli hisobotda qayd etilgan.
Unga ko‘ra, 2026-yilda respublika yalpi ichki mahsuloti o‘sishi 6 foizni tashkil etadi. 2027-yilda esa bu ko‘rsatkich 5,9 foizgacha sekinlashishi mumkin.
2025/2026-o‘quv yili uchun nomdor davlat stipendiyalarida maxsus test sinovlari o‘tkazilmaydi
2025/2026-o‘quv yili uchun nomdor davlat stipendiyalariga da’vogar talabalar uchun maxsus test sinovlari joriy etilmaydi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-dekabrdagi 840-son qaroriga asoslanib ma’lum qilindi.
Qarorga muvofiq, Prezident stipendiyasi hamda nomli davlat stipendiyalarini tayinlashning yangi tartibi tasdiqlangan. Ushbu yangi tartibda axborot texnologiyalari, O‘zbekiston tarixi va xorijiy tillar bo‘yicha maxsus test sinovlari belgilangan.
Raqobat qo‘mitasi propan narxi oshishi yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi
Raqobat qo‘mitasi ichki bozorda suyultirilgan gaz, ya’ni propan savdosida yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha izoh berdi. Ma’lum qilinishicha, 2025-yilda birja savdolarida jami 358 ming tonna propan sotilgan. Shundan 61 foizi mahalliy, 39 foizi import mahsulotiga to‘g‘ri kelgan.
Yanvar – iyul oylarida mahalliy mahsulot ulushi o‘rtacha 80 foiz bo‘lgan. Avgustdan boshlab bu ko‘rsatkich pasaya boshlagan. 2025-yil dekabrda 35 foizga tushgan. 2026-yil yanvar oyining o‘tgan davrida esa 10 foizgacha kamaygan. Bunga mahalliy propanning asosan aholi va ijtimoiy soha obyektlariga yo‘naltirilgani sabab bo‘lgan.
AQSh fuqarolarini Venesuelani zudlik bilan tark etishga chaqirdi
AQSh Davlat departamenti Venesueladagi xavfsizlik vaziyati keskinlashgani sababli mamlakatda bo‘lgan Amerika fuqarolarini darhol chiqib ketishga chaqirdi.
Rasmiylarga ko‘ra, hukumat tarafdori bo‘lgan qurolli guruhlar yo‘llarda nazorat postlari o‘rnatib, avtomobillarni to‘xtatib tekshirayotgani haqida xabarlar bor.