O‘zbekiston – Xitoy arxeologik ekspeditsiyasi Quva shaharchasi devorlarini topdi

Xitoy va O‘zbekiston arxeologlari Farg‘ona vodiysida joylashgan Quva shahar xarobasidan qadimiy devorlar bo‘laklarini topdi. Topilmaning yoshi miloddan avvalgi III asrdan milodiy X asrgacha bo‘lgan davrni qamrab oladi.
Kashfiyot «Loyan – Farg‘ona» qo‘shma arxeologik ekspeditsiyasi tomonidan amalga oshirildi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu topilma Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan shaharlardan birining rivojlanish tarixi va Sharq bilan G‘arb o‘rtasidagi aloqalarni tasdiqlovchi muhim dalildir.
Quva shahar xarobasi taxminan 110 ming kvadrat metr maydonni egallaydi va O‘zbekistonning sharqida joylashgan. Qadimda bu hudud Ipak yo‘lining muhim markazlaridan biri bo‘lib, Xitoy bilan ikki ming yildan ortiq vaqt davomida aloqada bo‘lgan.
Dastlabki tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, shahar devorlari turli davrlarda bir necha bor qayta qurilgan. Ular Parfiya podsholigi, Davan va Sug‘d davlati hamda Somoniylar davrida ham foydalanilgan.
Xitoy tomondan ekspeditsiya rahbari Lyu Binning aytishicha, devor qurilishidagi texnologik o‘zgarishlar turli asrlarda qanday materiallar ishlatilganini va madaniy almashinuv qanday kechganini tushunishga yordam beradi.
Qo‘shma arxeologik guruh 2023-yilda Loyan arxeologiya instituti va Farg‘ona davlat universiteti tomonidan tashkil etilgan. Ular tomonidan shu paytgacha saroylar, shahar darvozalari, devorlar, turarjoylar, ko‘chalar va hunarmandchilik ustaxonalari aniqlangan.
Kelasi yilda olimlar saroy majmuasida tizimli qazish ishlarini boshlashni va qadimiy shaharning rejasini to‘liq tiklashni rejalashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiya shaharlarida O‘zbekiston arxeologik ko‘rgazmalari tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.