Raqobat qo‘mitasi propan narxi oshishi yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi

eʼlon qilindi
Mahsulot ulushi 2026-yil yanvar oyining o‘tgan davrida 10 foizgacha kamaygan
Raqobat qo‘mitasi propan narxi oshishi yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi
Raqobat qo‘mitasi propan narxi oshishi yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi / Foto: ijtimoiy tarmoq

Raqobat qo‘mitasi ichki bozorda suyultirilgan gaz, ya’ni propan savdosida yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha izoh berdi. Ma’lum qilinishicha, 2025-yilda birja savdolarida jami 358 ming tonna propan sotilgan. Shundan 61 foizi mahalliy, 39 foizi import mahsulotiga to‘g‘ri kelgan.

Yanvar – iyul oylarida mahalliy mahsulot ulushi o‘rtacha 80 foiz bo‘lgan. Avgustdan boshlab bu ko‘rsatkich pasaya boshlagan. 2025-yil dekabrda 35 foizga tushgan. 2026-yil yanvar oyining o‘tgan davrida esa 10 foizgacha kamaygan. Bunga mahalliy propanning asosan aholi va ijtimoiy soha obyektlariga yo‘naltirilgani sabab bo‘lgan.

Mahalliy propan boshlang‘ich narxi yil davomida deyarli oshmagan. Qo‘mita tomonidan 20 foizlik spred va bir savdoda 5 tonna limit joriy etilgan. Shu sabab mahalliy propan narxi 1 tonna uchun 7 mln so‘mdan oshmagan. Import propan narxi esa 8 mln so‘mgacha shakllangan.

So‘nggi oylarda import ulushi va talab oshgani sabab birjadagi o‘rtacha narx ham import hisobiga shakllanmoqda. Import propan boshlang‘ich narxlari oshirilgani bois hozirda 1 tonna propan o‘rtacha 9,5 mln so‘mga sotilmoqda. Bu dekabrga nisbatan 20 foizga ko‘p.

Raqobat qo‘mitasi propan narxlarini barqarorlashtirish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rayotganini bildirdi. Yoqilg‘i quyish shoxobchalaridagi narxlar doimiy monitoring qilinmoqda.

Propan bilan nimalar bo‘lyapti

Yangi yilning dastlabki sakkiz kuni ichida propan narxi birjada deyarli 15 foizga oshdi. 8-yanvar kungi savdolarda propan yana 615,9 ming so‘mga qimmatlab, 1 tonnasi qariyb 9,3 mln so‘mga yetdi. Narxlar tez o‘sayotganiga qaramay, savdo hajmi 2 ming tonnadan oshmayapti.

Yil boshidan buyon propan narxi izchil ko‘tarilmoqda. Iqtisodchi Otabek Bakirovning qayd etishicha, yil boshidan AYoQSHlarda chakana narxlar 6100 – 6200 so‘mdan 6800 − 7000 so‘mgacha oshgan.

Eslatib o‘tamiz, 8-yanvar kuni magistral gaz quvurlarida bosim pasayishi kuzatilayotgani sababli respublika bo‘ylab metan «zapravka»lar ish vaqtida vaqtinchalik cheklovlar joriy etilgandi.

Shuningdek