
Tojikistonga noqonuniy olib chiqilayotgan 1 mlrd so‘mlik dori vositalari to‘xtatildi. Davlat xavfsizlik xizmati Bekobod shahridagi «Farhod» chegara bojxona postida noqonuniy holat aniqlanganini bildirdi.
Unga ko‘ra, postdagi tekshiruv vaqtida Tojikistonga chiqib ketayotgan mahalliy fuqaro boshqaruvidagi «Lochin» rusumli mototransport vositasi ko‘rikdan o‘tkazildi. Natijada tirkamada oziq-ovqat mahsulotlari orasiga yashirilgan, bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan dori vositalari borligi ma’lum bo‘ldi.

Ularning umumiy qiymati taxminan 1,05 mlrd so‘mni tashkil etadi. Tekshiruvda, xususan, «Immunoglobulin», «Ferritin» va yana 21 turdagi dori vositalari aniqlanib, belgilangan tartibda rasmiylashtirib olindi.
Hozirda ushbu dori vositalari bo‘yicha ekspertiza tayinlangan. Holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda «Telsartan H» dori vositasining ayrim seriyasi muomaladan qaytarib olinayotgani haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, «Telsartan H» preparatining C2501976 seriyasida faol modda – gidroxlorotiazid miqdori belgilangan me’yorlardan chetga chiqqani aniqlangan. Mazkur holat dori vositasining sifat ko‘rsatkichlariga oid nomuvofiqlik sifatida baholangan.