12-yanvar kuni Toshkentda harbiy parad o‘tkazilishi munosabati bilan ayrim yo‘llar yopiladi

O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan 12-yanvar kuni poytaxt Toshkentda tantanali harbiy piyoda yurish marosimi o‘tkaziladi. Bu haqda Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Jumladan, harbiy bo‘linmalarning yurishi soat 11:00 da O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetidan (mo‘ljal — Pushkin metro bekati) boshlanib, 13:00 ga qadar davom etadi. Bo‘linmalar Parkent va Mustaqillik ko‘chalari orqali harakatlanib, Amir Temur xiyobonida to‘xtaydi. Bu yerda faxriy qorovul jamoasi va qo‘l jangi ustalarining ko‘rgazmali chiqishlari, harbiy orkestrning defile namoyishlari hamda bo‘linmalarning jangovar chaqiriqlari namoyish etiladi.

Shundan so‘ng harbiylar Mustaqillik va Temiryo‘l ko‘chalari orqali boshlang‘ich manzilga qaytadi. Mazkur tadbir munosabati bilan 12-yanvar kuni soat 11:00 dan 13:00 gacha ushbu ko‘chalarda avtotransport vositalari harakati vaqtincha cheklanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mirzo Ulug‘bek tumanidagi ayrim ko‘chalarda harakat cheklanishi haqida yozgandi.