
Buyuk Britaniyaning nufuzli Autocar nashri 2025-yilning eng yaxshi elektromobillari reytingini yangiladi. Mutaxassislar qayd etishicha, elektromobillar endi tor auditoriyaga mo‘ljallangan texnologiya emas, balki ichki yonuv dvigatelli avtomobillarga to‘liq alternativa bo‘lib bormoqda. Reytingga kontseptlar emas, balki hozir xarid qilib, kundalik hayotda foydalanish mumkin bo‘lgan real modellar kiritilgan.
Kia EV3 – eng yaxshi muvozanat

Kia EV3 reytingdagi asosiy kashfiyotlardan biri bo‘ldi. Ixcham krossover 600 kilometrdan ortiq yurish zaxirasi, shahar sharoitidagi qulayligi va trassadagi barqarorligi bilan ajralib turadi. Autocar mutaxassislari uni bozordagi eng universallardan biri deb atadi. Model nufuzli World Car Awards mukofotida «Yil avtomobili» deb topilgani ham buning tasdig‘idir.
Hyundai Ioniq 5 N

Hyundai Ioniq 5 N elektromobil nafaqat texnik ko‘rsatkichlari, balki haydashdagi hissiyotlari bilan ham ajralib turadi. 640 ot kuchidan ortiq quvvat va 0 dan 100 km/soatgacha 3 soniyadan sal ko‘proq tezlanish uni sport ruhidagi benzinli modellarga jiddiy raqibga aylantiradi. Qattiq sozlangan osma va aniq rul boshqaruvi sportga xos xarakter beradi.
Tesla Model Y
Oilaviy krossover Tesla Model Y yaxshi yurish masofasi va boy opsiyalar to‘plamini taklif etadi. Ayrim hollarda salon materiallari tanqid qilinsa-da, kundalik foydalanish uchun u eng mantiqli elektromobillardan biri bo‘lib qolmoqda.
Mercedes-Benz EQS

Flagman sedan Mercedes-Benz EQS nihoyatda jim salon va yuqori darajadagi bezak bilan ajralib turadi. Yurish zaxirasi katta, biroq boshqaruv xususiyatlari sportga emas, xotirjam haydashga yo‘naltirilgan. Autocar uni qulaylik va texnologiyani qadrlovchilar uchun ideal tanlov deb baholaydi.
Jaguar I-PACE

Yevropa va AQShda mashhur bo‘lgan Jaguar I-PACE bugun ham premium elektromobil sifatida o‘z o‘rnini saqlab qolgan. Dinamikasi va qulay saloni bilan ajralib turadi, biroq batareya sig‘imi ayrim raqiblardan biroz kamroq.
Porsche Taycan
Porsche Taycan elektromobillar orasida eng yaxshi boshqaruvga ega modellardan biri sanaladi. O‘tkir rul, past og‘irlik markazi va kuchli tormozlar haydash zavqini ta’minlaydi. Minus tomoni – ayrim krossoverlarga nisbatan yurish zaxirasi qisqaroq.
BMW iX
BMW iX zamonaviy dizayn, keng interyer va yuqori qulaylik darajasini taklif etadi. Sensorli boshqaruv tizimi muhokamalarga sabab bo‘lsa-da, umumiy muvozanat saqlangan. Mutaxassislar og‘irlik biroz dinamikaga ta’sir qilishini ta’kidlashadi.
Audi Q4 e-tron va Q8 e-tron

Audi Q4 e-tron shahar va trassa uchun qulay ixcham krossover bo‘lsa, Audi Q8 e-tron ko‘proq premium segmentga yo‘naltirilgan. Har ikkala model intuitiv interfeys va yetarli yurish zaxirasini taklif etadi.
Tesla Model 3
Dunyodagi eng ko‘p sotiladigan elektromobillardan biri bo‘lgan Tesla Model 3 tezkor tezlanishi va sinfidagi nisbatan past narxi bilan ajraladi. Avtopilot kuchli tomoni, biroq salon bezagi hamon bahsli.
Ford Mustang Mach-E

Ford Mustang Mach-E dizayni va haydashdagi xarakteri bilan ajralib turadi. U sport va oilaviy foydalanish o‘rtasida muvozanatni saqlagan holda, qulaylik bo‘yicha jiddiy murosasiz variant sifatida baholanmoqda.
Volkswagen ID.4
Volkswagen ID.4 ortiqcha murakkabliksiz elektromobil izlayotganlar uchun mo‘ljallangan. Yaxshi yurish masofasi va qulay narx kirish chegarasini past qiladi. Reyting mualliflariga ko‘ra, bu EV’ni tanlashda ortiqcha savollar tug‘ilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet’ning yangi elektromobili kutilganidan yuqori masofani bosib o‘tishi haqida yozgan edi. Shuningdek, Kia Seltos 2026 avtomobilining narxlari e’lon qilingani haqida xabar bergan edik.