Anadolu Isuzu SamAuto zavodida qishloq xo‘jaligi uchun avtotransport vositalari ishlab chiqaradi

Anadolu Isuzu SamAuto zavodida qishloq xo‘jaligi uchun avtotransport vositalari ishlab chiqaradi. Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov kompaniya Bosh ijrochi direktori Yusuf Tug‘rul Arikan bilan uchrashdi.
Uchrashuvda tomonlar Samarqand avtomobil zavodini bosqichma-bosqich rivojlantirish rejalarini ko‘rib chiqdi. O‘tgan yil dekabr oyida investor ushbu korxona aksiyalarining 75,2 foizini sotib olgandi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi uchun yangi turdagi avtotransport vositalari va maxsus texnikalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, modellar qatorini kengaytirish hamda ishlab chiqarish hajmini oshirish rejalari ma’lum qilindi. Ishlab chiqarish nafaqat ichki bozor talabini qondirish, balki eksportni kengaytirishga ham qaratiladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar avtomobil sanoati sohasida strategik sheriklikni mustahkamlash va hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026-yili O‘zbekistonga Xitoydan 50 dan ortiq agrodron olib kelinishi haqida xabar berilgandi. Bunda har bir viloyatda kamida ikkitadan dron mobil kompleksi orqali xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.