
Belgiya elchisi Erik De Mayer hamda Italiya elchisi Gvido De Sanktis O‘zbekistonda o‘z diplomatik faoliyatlarini boshladi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ulardan ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qilib olganini ma’lum qildi.

Uchrashuvlar davomida O‘zbekistonning Belgiya va Italiya bilan ikki tomonlama munosabatlari muhokama qilindi. Xususan, savdo, investitsiyalar, biznes va iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, amaliy iqtisodiy aloqalarni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, suhbatda ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirish muhimligi ta’kidlandi. Saidov elchilarga mamlakatdagi diplomatik faoliyatlarida muvaffaqiyat tiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saudiya Arabistoni elchisi O‘zbekistondagi faoliyatini yakunlayotgani haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, vazirlikda Saudiya Arabistoni Podshohligining elchisi Yusuf Al-Utaybiy bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi va ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy muloqotni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.