Birjada propan narxini barqarorlashtirish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda — Raqobat qo‘mitasi

Raqobat qo‘mitasi birja savdolarida propan narxlarini barqarorlashtirish maqsadida korreksiyalovchi choralar ko‘rilayotganini bildirdi. Xususan, bozor ishtirokchilariga mahsulotlarni birja savdolariga to‘liq hajmda va uzluksiz chiqarish bo‘yicha ko‘rsatmalar yuborilgan.
Qo‘mitaga ko‘ra, 2025-yil noyabr–dekabr oylarida bozorda yuzaga kelgan vaziyat sabab sanksiyalarsiz, profilaktik maqsadda tadbirkorlarga ogohlantirishlar yuborilgan. Unda metan gaziga kiritilgan vaqtinchalik cheklovlardan foydalanib, suyultirilgan gaz narxlarini asossiz oshirmaslik talab qilingan.
Shunga qaramay, ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan bozorda adolatli raqobat tamoyillariga zid holatlar kuzatilmoqda. Jumladan, narxlarni sun’iy ravishda oshirishga olib keluvchi manipulyatsiya va kelishilgan harakatlar alomatlari aniqlangan.
«Aniqlangan holatlar yuzasidan Qo‘mita tomonidan o‘rnatilgan tartibda qonunbuzilishi holatlari alomatlari bo‘yicha ish qo‘zg‘atish ishlari boshlandi», — deyiladi xabarda.
Iqtisodchi Otabek Bakirovga ko‘ra, qo‘mita ichki bozorda propan narxini barqarorlashtirish maqsadida vakolati doirasida tezkor chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani, AYQShlarda narxlar ustidan doimiy monitoring o‘rnatgani yetarli chora emas. Narxlarning o‘sishi birjadan boshlanmoqda.
«Narxlarning o‘sishi birjadan, importchilar o‘yinlaridan boshlanmoqda, chakana sotuvda emas. Baliq boshidan tozalanishi kerak, dumidan emas. Agar shoxobchalar ustidan nazorat boshlansa, bu propanning jismonan yo‘q bo‘lishiga olib keladi xolos», — deydi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq qo‘mita so‘nggi oylarda import ulushi va talab oshgani sabab birjadagi o‘rtacha narx ham import hisobiga shakllanayotganini bildirgandi. Import propan boshlang‘ich narxlari oshirilgani bois hozirda 1 tonna propan o‘rtacha 9,5 mln so‘mga sotilmoqda. Bu dekabrga nisbatan 20 foizga ko‘p.