Yangiliklar

Buxorodagi o‘quv markazda 20 nafar abituriyent zaharlandi

Hozirda bemorlarning ahvoli qoniqarli, qo‘shimcha shikoyatlar aniqlanmagan
Foto: depositphotos.com

11-yanvar kuni Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida joylashgan o‘quv markazida tahsil olayotgan 20 nafar abituriyentning sog‘lig‘i yomonlashgani haqida tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat kelib tushgan. Bu haqda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi xabar berdi.

Holat yuzasidan barcha bemorlar zudlik bilan tuman tibbiyot birlashmasiga yetkazildi.

Viloyat hokimining topshirig‘iga asosan, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Elyor Oltiyev rahbarligida ishchi guruh tuzilib, vaziyat joyida o‘rganildi. Abituriyentlar Sog‘liqni saqlash vazirligi tasdiqlagan klinik standartlar asosida laborator va instrumental tekshiruvlardan o‘tkazildi.

Shifokorlar tomonidan zarur tibbiy yordam ko‘rsatilishi natijasida barcha bemorlarning ahvoli barqarorlashdi. 20 nafar abituriyent ambulator davolanish uchun uyiga javob berildi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, har bir bemorga hududiy oilaviy shifokor va patronaj hamshirasi biriktirilgan bo‘lib, ularning salomatligi doimiy nazoratga olingan. Hozirda bemorlarning ahvoli qoniqarli, qo‘shimcha shikoyatlar aniqlanmagan.

Mazkur holat sabablarini aniqlash maqsadida bemorlardan olingan qon namunalari belgilangan tartibda ekspertizaga yuborilgan. Tekshiruv ishlari davom etmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Indoneziyada 700 nafar o‘quvchi bepul ovqatdan zaharlangani haqida yozgandi.