Avto

Chevrolet Equinox qimmatlashadi: GM elektromobil narxlarini qayta ko‘rib chiqdi

Yetkazib berish (freight) to‘lovi $405 ga oshirildi
Chevrolet Equinox qimmatlashdi: GM elektromobil narxlarini qayta ko‘rib chiqdi
Chevrolet Equinox qimmatlashadi: GM elektromobil narxlarini qayta ko‘rib chiqdi / Foto: GM Authority

General Motors 2026-yil uchun Chevrolet Equinox EV narxlarini qayta ko‘rib chiqdi. GM Authority’ga ko‘ra, ishlab chiqaruvchining tavsiya etilgan chakana narxi barcha komplektatsiyalarda $105 ga pasaytirildi. Ammo yetkazib berish (freight) to‘lovi $405 ga oshirildi. Natijada avtomobilning yakuniy narxi har bir variantda $300 ga qimmatlashdi.

Bu qaror elektromobillar bozoridagi qiyinchiliklar fonida qabul qilingan. 2025-yil uchinchi choragida Equinox EV AQShda yaxshi sotildi. Bunga $7,5 ming federal soliq imtiyozi sabab bo‘lgan. Imtiyoz tugagach, sotuvlar keskin tushib ketdi.

Keyingi chorakda esa GM’ning umumiy elektromobil savdosi 42 foizga kamaydi. Equinox EV yetkazib berishlari esa 71,75 foizga tushib, atigi 5,1 ming donani tashkil etdi. Bu holat imtiyozlarsiz EV’larga talab qanchalik beqaror ekanini ko‘rsatdi.

2026 Chevrolet Equinox EV narxlari

Shu sabab GM xarajatlarni qayta ko‘rib chiqmoqda. GM rahbari Meri Barra kompaniya mijozlar talabiga moslashishini ta’kidladi. Equinox EV’dagi narx siyosati ham shu yondashuvni aks ettiradi.

Foto: GM Authority

2026-yilgi Equinox EV’da yangiliklar ham bor. Midnight paketi ($595) va Tech Bronze paketi ($3,6 ming) taklif qilinadi. Old paneldagi ko‘zni qamashtirish muammosi ham bartaraf etildi. Shuningdek, 2025 – 2026-yillardagi 81,2 ming dona Equinox EV past tezlikda tashqi ogohlantiruvchi ovoz yetarli chiqmasligi sabab dasturiy yangilanishga chaqirilgan.

Umuman olganda, 2026 Chevrolet Equinox EV hanuz GM’ning eng arzon elektromobili bo‘lib qolmoqda. Bu maqom 2027-yilda yangi Chevy Bolt chiqquncha saqlanadi. Biroq hozirgi bozor sharoitida narxlar ehtiyotkor boshqarilmoqda va kutilmalar ancha realistik bo‘lib qoldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kia Seltos 2026 avtomobilining narxlari e’lon qilingandi.