Avto

Lexus IS 2026 avtomobili qanday ko‘rinishda bo‘ladi

Eng katta o‘zgarishlar interyerda kuzatiladi
Foto: Toyota

Lexus Yaponiya bozori uchun Lexus IS sedanining 2026-yilgi yangilangan versiyasini rasman namoyish etdi. Modellashgan avtomobilda asosiy e’tibor boshqaruv xususiyatlarini takomillashtirish va salonni modernizatsiya qilishga qaratilgan.

Texnik o‘zgarishlar va boshqaruv

IS 2026 yangilangan elektr rul boshqaruvi tizimi bilan jihozlandi. Ishlab chiqaruvchiga ko‘ra, rul orqali yo‘ldan olinadigan aks aloqalar yanada aniqlashgan, avtomobilning burilishlardagi barqarorligi yaxshilangan. Shuningdek, tashqi ko‘rinishda mayda dizayn tuzatishlari amalga oshirilgan. F Sport versiyalari esa yangi orqa spoyler bilan ta’minlangan.

Foto: Toyota

To‘liq yangilangan salon

Eng katta o‘zgarishlar interyerda kuzatiladi. Lexus old panel va markaziy tunnelni to‘liq qayta ishlagan. Endi salon markazida ikkita 12,3 dyuymli ekran joylashgan. Ulardan biri raqamli asboblar paneli, ikkinchisi esa multimedia tizimi uchun mo‘ljallangan. Bu yechim salonni zamonaviyroq va texnologikroq ko‘rsatadi.

F Sport Mode Black V – maxsus talqin

2026-yilgi yangilanish doirasida F Sport Mode Black V maxsus versiyasi ham taqdim etildi. Ushbu talqin BBS tomonidan ishlab chiqarilgan bolg‘alangan disklar, qizil rangga bo‘yalgan tormoz supportlari va salonning yanada sifatli bezagi bilan ajralib turadi.

Foto: Toyota

Yaponiyada yangilangan IS300h modelining boshlang‘ich narxi 5,8 mln iyenni tashkil etadi. Bu taxminan 40 ming dollar atrofida. Mode Black V versiyasi esa 6,75 mln iyenga baholangan, bu qariyb $46,5 mingga teng.

TRD aksessuarlari

Bundan tashqari, Lexus TRD brendi ostida maxsus aksessuarlar qatorini ham taqdim etdi. To‘plam tarkibiga aerodinamik kuzov to‘plami, yangi diffuzor va sportcha chiqindi tizimi kiradi. Ushbu yechimlar IS’ga yanada agressiv va sportcha qiyofa baxsh etadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Lexus RX450h+ elektr modelini taqdim etgani haqida yozgan edi.