
Ijtimoiy tarmoqlarda xorijda vafot etgan O‘zbekiston fuqarolarining jasadini vatanga olib kelish bahonasida turli plastik karta raqamlariga pul yig‘ish holatlari ko‘payib bormoqda. Bu holat yuzasidan Migratsiya agentligi rasmiy murojaat bilan chiqdi.
Unga ko‘ra, ayrim hollarda eskirgan yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar asosida fuqarolarning hissiyotlaridan foydalanib, firibgarlik qilinmoqda. Shu sababli agentlik bunday xabarlarni ko‘rgan taqdirda hech qanday pul o‘tkazmaslikka chaqirmoqda.
Shuningdek, agentlikning ta’kidlashicha, O‘zbekiston fuqarosi xorijda vafot etgan holatlarda uning jasadini yurtga olib kelish Migratsiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Bu borada qonuniy va ishonchli yo‘l — Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligiga bevosita murojaat qilish.
Fuqarolar rasmiy ma’lumot va yordam olish uchun (71) 202-33-55 telefon raqami, 1282 qisqa raqami yoki @huquqiy_yordam_uzbot Telegram boti orqali murojaat qilishlari mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xabarovskdagi o‘zbekistonlikning vafoti yuzasidan Rossiyaga nota yuborilgani haqida yozgandi.