Yangiliklar

Misr 2030-yilgacha elektrning 42 foizini qayta tiklanuvchi manbalardan ishlab chiqarmoqchi

Norvegiya va Xitoy kompaniyalari yordamida
Misr 2030-yilgacha elektrning 42 foizini qayta tiklanuvchi manbalardan ishlab chiqarmoqchi \ / Foto: Britannica

Misr Norvegiya va Xitoy kompaniyalari bilan $1,8 mlrd qiymatidagi yirik qayta tiklanuvchi energiya loyihalari bo‘yicha shartnomalarni imzoladi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, shartnomalar Norvegiya qayta tiklanuvchi energiya kompaniyasi Scatec va Xitoyning Sungrow kompaniyasi bilan tuzildi. Bu orqali Misr 2030-yilgacha elektr energiyasining 42 foizini qayta tiklanuvchi manbalardan olishni maqsad qilmoqda.

Birinchi loyiha Minya viloyatida Scatec tomonidan quyosh energiyasi elektr stansiyasi va energiya saqlash stansiyalarini qurishni o‘z ichiga oladi. Loyihaning quvvati 1,7 gigavattni tashkil qiladi va umumiy sig‘imi 4 gigavatt-soat bo‘lgan batareya tizimlari bilan ta’minlanadi.

Ikkinchi loyiha Sungrow kompaniyasi tomonidan Suez kanali iqtisodiy zonasida energiya saqlash batareyalarini ishlab chiqaruvchi zavod qurilishini o‘z ichiga oladi. Zavod mahsulotining bir qismi birinchi loyihaga yetkaziladi.

Shuningdek, Scatec kompaniyasi jami 1,95 gigavatt quvvat va 3,9 gigavatt-soat batareya saqlash tizimlarini qamrab oluvchi quvvat sotib olish kelishuvini imzoladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq YTTB O‘zbekistonga 30 mln dollar «yashil» kredit ajratishi haqida xabar bergan edik.