Nobel Tinchlik mukofoti boshqa shaxsga o‘tkazilmaydi — Nobel instituti

Venesuela muxolifati yetakchisi Mariya Korina Machadoning 2025-yilgi mukofotni Donald Trampga berishi mumkinligi haqidagi fikrlaridan so‘ng, Norvegiya Nobel instituti Nobel Tinchlik mukofotini boshqa shaxsga o‘tkazish yoki bekor qilish mumkin emasligini rasman ma’lum qildi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Institutning ta’kidlashicha, Nobel mukofotini topshirish haqidagi qaror Nobel jamg‘armasi nizomlariga muvofiq yakuniy va doimiy hisoblanadi. Mazkur nizomlarda qaror ustidan shikoyat qilish yoki uni qayta ko‘rib chiqish tartibi ko‘zda tutilmagan. Bir marta e’lon qilingan Nobel mukofoti hech qanday holatda bekor qilinmasligi, bo‘linmasligi yoki boshqa shaxsga topshirilmasligini qayd etdi.
Oldinroq Mariya Korina Machado bunday qaror qabul qilinsa, mukofotni Donald Trampga topshirish Venesuela xalqi nomidan minnatdorlik ifodasi bo‘lishini aytgan edi. Tramp esa uzoq yillardan beri Nobel Tinchlik mukofotiga qiziqib kelayotgani va diplomatik yutuqlarini ushbu mukofot bilan bog‘lab kelayotgani ma’lum. Tramp kelasi hafta Vashingtonda rejalashtirilgan uchrashuv chog‘ida mukofot taklif etilsa, uni qabul qilishdan mamnun bo‘lishini bildirgan.
Ma’lumot uchun, Mariya Korina Machado Venesuela Milliy assambleyasining sobiq a’zosi bo‘lib, u 2024-yilgi umumiy saylovlarda ishtirok etish huquqidan Maduroga yaqin rasmiylar tomonidan mahrum qilingan. U qo‘llab-quvvatlagan muqobil nomzod saylovda g‘olib bo‘lgan, degan qarashlar mavjud bo‘lsa-da, Nikolas Maduro o‘zini saylov g‘olibi deb e’lon qilgan. Mustaqil kuzatuvchilar rasmiy natijalarda qonunbuzarliklar bo‘lganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq OAVda Machado Nobel mukofotidan voz kechmagani sabab prezident bo‘la olmasligi haqida xabarlar tarqalgan edi.