O‘ta boy kishilar soni ma’lum bo‘ldi

Dunyo aholisining atigi 0,001 foizi boy odamlardan iborat. Bu haqda 2025-yilning dekabr oyi oxirida nashr etilgan Tengsizlik to‘g‘risidagi hisobotda keltirilgan.
Hisobotda ularning soni taxminan 56 ming kishi ekani aytilgan. Agar ular biror ziyofat uchun yig‘ilsa, butun guruh o‘rta kattalikdagi futbol stadionining, masalan, «Arsenal»ning «Emirates» stadioni yoki Rimdagi «Stadio Olimpico» stadionining o‘rindiqlariga sig‘adi.

Hisobotga ko‘ra, juda boylar odatda yuz millionlab yevroga egalik qiladi, bu guruhdagi o‘rtacha boylik deyarli 1 mlrd yevroga teng. Mualliflar bunday taqqoslashlar eng yuqori qatlamning qanchalik ustunligini ko‘rsatishi va global tengsizlik ko‘lamini anglashga yordam berishini ta’kidlaydi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyodagi eng boy 10 foiz aholi umumiy boylikning 75 foizini nazorat qiladi. Eng kambag‘al 50 foizga esa atigi 2 foiz to‘g‘ri keladi. Eng hayratlanarli jihati shundaki, o‘ta boy 0,001 foiz aholi kambag‘al yarim aholiga qaraganda uch baravar ko‘proq boylikka ega.
Shuningdek, eng boylar boyligi tezroq o‘smoqda. Ularning kapitali yiliga qariyb 5 foizga oshmoqda, bu ko‘rsatkich qolgan aholida o‘rtacha 3,4 foizni tashkil qiladi.
Avvalroq «Kursiv» dunyoning eng boy 500 kishisi 2025-yilga kelib o‘z boyliklarini rekord darajada $2,2 trillionga ko‘paytirgani haqida yozgandi.