
O‘zbekistonda mehnat bozorida 2025-yilda HeadHunter (hh.uz) platformasiga 127 mingdan ortiq faol vakansiya joylashtirilgan bo‘lib, bu 2024-yilga nisbatan 17,3 foizga ko‘p. Bu haqda kompaniya ma’lumotlari «Kursiv»ga ma’lum qilindi.
Eng yuqori o‘sish yilning birinchi yarmida qayd etilgan. To‘rtinchi chorakda vakansiyalar soni biroz qisqargan bo‘lsa-da, yillik hisobda bozor ijobiy o‘sishni saqlab qoldi.
Hududlar bo‘yicha eng katta ish beruvchi faollik an’anaviy ravishda Toshkent shahrida jamlangan – poytaxtda bir yil ichida 104 mingdan ortiq vakansiyalar e’lon qilingan. Shu bilan birga, Samarqand, Andijon, Farg‘ona, Buxoro va Namangan kabi yirik viloyat markazlarida ham bo‘sh ish o‘rinlari soni keskin oshgani kuzatildi. Ayrim hududlarda o‘sish sur’ati 40 – 50 foizdan oshgan.
Kasblar kesimida eng ko‘p vakansiyalar savdo va mijozlarga xizmat ko‘rsatish, marketing va reklama, IT, avtomobil biznesi, moliya va turizm sohalariga to‘g‘ri keldi. Ayniqsa, axborot texnologiyalari, turizm, tibbiyot va yuqori bo‘g‘in menejmentida talab tez sur’atlarda oshgani qayd etilgan. Qishloq xo‘jaligi sohasida esa talab biroz qisqargan.
Shuningdek, 2025-yilda O‘zbekiston bo‘yicha taklif etilgan o‘rtacha (medianna) ish haqi 5,3 mln so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yildagiga nisbatan 1,8 foizga pasaygan. Eng yuqori ish haqlari Toshkent shahrida saqlanib qolgan bo‘lsa, Samarqand, Andijon va Farg‘onada ish haqlarining o‘sishi kuzatilgan. Sohalar kesimida avtomobil biznesi, menejment, ta’lim va marketing nisbatan yuqori maoshlar bilan ajralib turdi.
Ish bo‘yicha so‘rovlar faolligi ham yuqori bo‘lib, yil davomida platformada 957 mingdan ortiq rezyume joylashtirilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yildagiga nisbatan 8 foizdan ko‘proq o‘sgan. Eng faol sohalar savdo, xizmat ko‘rsatish, logistika va marketing bo‘lib qoldi. Shu bilan birga, IT va ayrim boshqa yo‘nalishlarda rezyumelar soni kamaygan.
Mehnat bozoridagi raqobat darajasi esa pasaygan. 2025-yilda bitta vakansiyaga o‘rtacha 7,5 ta nomzod to‘g‘ri kelgan bo‘lib, bu sog‘lom va muvozanatli bozorni anglatadi. Eng yuqori raqobat xavfsizlik, xizmat ko‘rsatish va ijodiy sohalarda kuzatilgan.
Avvalroq «Kursiv» nashri o‘zbekistonliklarning aksariyati kuz faslini ish va karyera uchun muhim davr deb hisoblayotgani haqida yozgandi.