Sirdaryoda fermerlar yeri ommaviy tortib olinmoqda, dunyoning eng boy odamlarining ro‘yxati tuzildi — 12-yanvarda e’lon qilingan xabarlar dayjesti

Sirdaryoda fermerlar yeri ommaviy tortib olinmoqda, dunyoning eng boy odamlari ro‘yxati tuzildi — Kursiv Uzbekistan nashri 12-yanvarda e’lon qilingan xabarlar dayjesti taqdim qiladi.
Erondagi noroziliklar oqibatida qurbon bo‘lganlar soni 500 nafardan oshdi

Eronda so‘nggi haftalarda davom etayotgan norozilik namoyishlari oqibatida qurbonlar soni 500 nafardan oshgan. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
AQShda joylashgan HRANA tashkiloti bergan ma’lumotlarga ko‘ra, ikki hafta davom etgan tartibsizliklar vaqtida 490 nafar namoyishchi va 48 nafar xavfsizlik xodimi halok bo‘lgan, 10600 nafardan ortiq shaxs hibsga olingan. Eron rasmiylari qurbonlar bo‘yicha hozircha rasmiy statistikani e’lon qilmagan, keltirilgan raqamlar ham mustaqil tasdiqlanmagan.
Nobel Tinchlik mukofoti boshqa shaxsga o‘tkazilmaydi — Nobel instituti

Venesuela muxolifati yetakchisi Mariya Korina Machadoning 2025-yilgi mukofotni Donald Trampga berishi mumkinligi haqidagi fikrlaridan so‘ng, Norvegiya Nobel instituti Nobel Tinchlik mukofotini boshqa shaxsga o‘tkazish yoki bekor qilish mumkin emasligini rasman ma’lum qildi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Institutning ta’kidlashicha, Nobel mukofotini topshirish haqidagi qaror Nobel jamg‘armasi nizomlariga muvofiq yakuniy va doimiy hisoblanadi. Mazkur nizomlarda qaror ustidan shikoyat qilish yoki uni qayta ko‘rib chiqish tartibi ko‘zda tutilmagan. Bir marta e’lon qilingan Nobel mukofoti hech qanday holatda bekor qilinmasligi, bo‘linmasligi yoki boshqa shaxsga topshirilmasligini qayd etdi.
Birjada propan narxini barqarorlashtirish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda — Raqobat qo‘mitasi

Raqobat qo‘mitasi birja savdolarida propan narxlarini barqarorlashtirish maqsadida korreksiyalovchi choralar ko‘rilayotganini bildirdi. Xususan, bozor ishtirokchilariga mahsulotlarni birja savdolariga to‘liq hajmda va uzluksiz chiqarish bo‘yicha ko‘rsatmalar yuborilgan.
Qo‘mitaga ko‘ra, 2025-yil noyabr – dekabr oylarida bozorda yuzaga kelgan vaziyat sabab sanksiyalarsiz, profilaktik maqsadda tadbirkorlarga ogohlantirishlar yuborilgan. Unda metan gaziga kiritilgan vaqtinchalik cheklovlardan foydalanib, suyultirilgan gaz narxlarini asossiz oshirmaslik talab qilingan.
O‘zbekistonda 5 grammli oltin quymasi narxi ilk bor 9 mln so‘mdan oshdi

O‘zbekistonda 5 grammli oltin quymasi narxi ilk bor 9 mln so‘mdan oshdi. Markaziy bank 12-yanvar Toshkent vaqti bilan soat 09:26 holatiga oltin quymalarini sotish va sotib olish narxlarini e’lon qildi.
Xususan, 5 grammli oltin quymaning narxi 8,831 mln so‘mdan 9,010 mln so‘mga oshdi. Uni qaytarib sotib olish narxi esa qadog‘i but holatda 8,488 mln so‘mdan 8,660 mln so‘mga, talablarga mos kelmaydigan holatda 8,402 mln so‘mdan 8,573 mln so‘mga ko‘tarildi.
Anadolu Isuzu SamAuto zavodida qishloq xo‘jaligi uchun avtotransport vositalari ishlab chiqaradi

Anadolu Isuzu SamAuto zavodida qishloq xo‘jaligi uchun avtotransport vositalari ishlab chiqaradi. Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov kompaniya Bosh ijrochi direktori Yusuf Tug‘rul Arikan bilan uchrashdi.
Uchrashuvda tomonlar Samarqand avtomobil zavodini bosqichma-bosqich rivojlantirish rejalarini ko‘rib chiqdi. O‘tgan yil dekabr oyida investor ushbu korxona aksiyalarining 75,2 foizini sotib olgandi.
Migratsiya agentligi xorijda vafot etganlar uchun pul yig‘ish aksiyalariga ishonmaslikka chaqirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda xorijda vafot etgan O‘zbekiston fuqarolarining jasadini vatanga olib kelish bahonasida turli plastik karta raqamlariga pul yig‘ish holatlari ko‘payib bormoqda. Bu holat yuzasidan Migratsiya agentligi rasmiy murojaat bilan chiqdi.
Unga ko‘ra, ayrim hollarda eskirgan yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar asosida fuqarolarning hissiyotlaridan foydalanib, firibgarlik qilinmoqda. Shu sababli agentlik bunday xabarlarni ko‘rgan taqdirda hech qanday pul o‘tkazmaslikka chaqirmoqda.
Talabalar to‘lov-shartnomasi ish beruvchilar hisobidan to‘lanadi

Bakalavriat yo‘nalishida 2-kurs va undan yuqori bosqichda tahsil olayotgan talabalar uchun ish beruvchilar tomonidan shartnoma to‘lovlarini qoplab berish hamda ta’lim yakunlangach ularni ishga qabul qilish tartibi belgilandi. Bu haqda hukumat qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, oliy ta’lim tashkilotlari, talaba va buyurtmachi o‘rtasida uch tomonlama shartnoma tuziladi. Bunda ishchilar soni 50 nafardan ortiq yoki qiymati kamida $1 mlnga teng investitsiya loyihalariga ega vazirlik, idora va tashkilotlar buyurtmachi sifatida ishtirok etishi mumkin.
Sirdaryoda fermerlar yeri ommaviy tortib olinmoqda(mi)

Sirdaryo viloyatining Xovos tumanidagi fermer xo‘jaliklari yerlarining to‘liq olib qo‘yilishi mumkinligi haqidagi ma’lumotlar jamoatchilikda keskin muhokamaga sabab bo‘ldi. «Kursiv» bilan suhbatda bo‘lgan fermer xo‘jaliklaridan birining rahbari buni tasdiqladi.
Fermerning aytishicha, 30-dekabr kuni Xovos tumanidagi fermerlarga viloyat hokimi tomonidan barcha fermer xo‘jaliklari yer maydonlari to‘liq olib qo‘yilishi rejalashtirilgani og‘zaki tarzda ma’lum qilingan. Shundan so‘ng har kuni viloyat prokuraturasi, ichki ishlar organlari, Majburiy ijro byurosi, soliq idoralari va boshqa tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruhlar ularning uylariga borishni boshlagan.
Uzun tumanida 5 oylik bolasi va xotinini molxonada saqlagan erkak 13 yilga qamaldi

Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida ayol va uning chaqalog‘iga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilgani haqidagi holat yuzasidan olib borilgan jinoyat ishi bo‘yicha sud hukmi o‘qildi. Unga ko‘ra, Sh.A bir qator moddalar bilan aybli deb topilib, 13 yilga qamaldi.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, 2025-yil 26-avgust kuni Uzun tumanidagi mahallalardan birida noma’lum ayol va uning 5 oylik farzandi molxonada majburan, og‘ir va antisanitariya sharoitida saqlanayotgani aniqlangan. Holat yuzasidan olingan murojaat asosida profilaktika inspektori voqea joyiga yetib borgan va uy egalarining qarshiligiga qaramay, molxona eshigini buzib kirgan.
O‘zbekiston pasporti Henley reytingida yuqoriladi

Henley & Partners tomonidan e’lon qilingan 2025-yilgi pasportlar reytingida O‘zbekiston pasporti 79-o‘rinni egalladi. Avval mamlakat 82-pog‘onadan joy olgan edi.
Reytingga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari 62 ta davlatga vizasiz yoki viza kelganda rasmiylashtirish orqali borishi mumkin. O‘zbekiston 79-o‘rinni Qirg‘iziston bilan bo‘lishdi.
Dunyoning eng boy odamlari ro‘yxati tuzildi

Forbes 2026-yil 12-yanvar holatiga ko‘ra, dunyoning eng boy 10 nafar milliarderini aniqlab, ular egalik qilayotgan kompaniyalarni ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Ilon Mask $722,9 milliardlik boylik bilan Yer yuzasining eng boy odamlari ro‘yxatida birinchi o‘rinni egalladi. 2002-yilda tadbirkor o‘z mablag‘larining katta qismini SpaceX’ni ishga tushirishga xayriya qildi va keyinchalik u Tesla’ga asos soldi.
Ustyurt mintaqasida yangi gaz oqimi aniqlandi

Ustyurt mintaqasidagi «Mo‘ynoq» koni yaqinida joylashgan Shagirlik-quyi yura 2-sonli izlov qudug‘ida tabiiy gaz oqimi aniqlandi. 2026-yil 10-yanvar kuni yakunlangan burg‘ilash ishlari natijasida 5 ming metr chuqurlikdan gaz topilgan.