
Valve kompaniyasining Steam platformasi 11-yanvar kuni foydalanuvchilar faolligi bo‘yicha yangi tarixiy rekordni qayd etdi. SteamDB ma’lumotlariga ko‘ra, bir vaqtning o‘zida tarmoqdagi foydalanuvchilar soni ilk bor 42 mlndan oshgan.
Pik vaqtida ko‘rsatkich 42 mln nafarni tashkil etdi. Bu avval o‘rnatilgan 41,8 mlnlik rekorddan yuqori natijadir. Taqqoslash uchun, 2025-yilning boshida ushbu ko‘rsatkich 39,3 mln kishini tashkil etgan edi. Umumiy hisobda 42 mln kishi tizimga kirgan bo‘lsa-da, ulardan 13,3 mlni faol ravishda o‘yin o‘ynayotgan bo‘lgan.

Odatda eng yuqori faollik qishki ta’tillar va dam olish kunlariga to‘g‘ri keladi. Platformadagi eng ommabop o‘yinlar qatorida an’anaviy tarzda Counter-Strike 2, Dota 2 va PUBG: BATTLEGROUNDS yetakchilik qilmoqda. 2003-yilda ishga tushirilgan Steam hozirda dunyodagi eng yirik raqamli o‘yinlar do‘koni va ijtimoiy platforma hisoblanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan EA Sports FC 26 26-sentabrda sotuvga chiqishi haqida xabar bergan edi.