
Tailandning Phuket orolida 37 yoshli O‘zbekiston fuqarosi voyaga yetmagan qizga jinsiy tajovuz qilganlikda gumonlanib hibsga olindi. Bu haqda Khaosod English xabar bermoqda.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa soat 22:20 atrofida Golden Cat restoranida sodir bo‘lgan. Jabrlanuvchining ko‘rsatmasiga binoan, u hojatxonadan chiqayotganda erkak uning yo‘lini to‘sib, ichkariga sudrab kirgan va tegajog‘lik qilgan. Qiz yordam so‘rab baqirganidan so‘ng, restoran xodimlari va boshqa mijozlar aralashib, gumonlanuvchini politsiya yetib kelguniga qadar ushlab turishgan.
Gumonlanuvchi voqea vaqtida restoranda ovqatlanayotgan bo‘lgan. Politsiyasi xodimlari chaqiruv bo‘yicha voqea joyiga yetib borgan. Hozirda gumonlanuvchi hibsga olingan va tergov harakatlari uchun politsiya mahkamasiga o‘tkazilgan. Unga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq ayblovlar qo‘yilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2025-yil yanvar – iyul oylarida 4,3 mln o‘zbekistonlik xorijga turistik maqsadda safar qilgani haqida xabar bergan edi.