Yangiliklar

Talabalar to‘lov-shartnomasi ish beruvchilar hisobidan to‘lanadi

Talabalar har yili 20-sentabrgacha tanlovda ishtirok etish uchun oliy ta’lim tashkilotiga elektron ariza topshiradi
Talaba
Foto: FE

Bakalavriat yo‘nalishida 2-kurs va undan yuqori bosqichda tahsil olayotgan talabalar uchun ish beruvchilar tomonidan shartnoma to‘lovlarini qoplab berish hamda ta’lim yakunlangach ularni ishga qabul qilish tartibi belgilandi. Bu haqda hukumat qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, oliy ta’lim tashkilotlari, talaba va buyurtmachi o‘rtasida uch tomonlama shartnoma tuziladi. Bunda ishchilar soni 50 nafardan ortiq yoki qiymati kamida $1 mlnga teng investitsiya loyihalariga ega vazirlik, idora va tashkilotlar buyurtmachi sifatida ishtirok etishi mumkin.

Talabalar har yili 20-sentabrgacha tanlovda ishtirok etish uchun oliy ta’lim tashkilotiga elektron ariza topshiradi. Arizaga o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi ma’lumotnoma ilova qilinadi.

Talabgorlar o‘qishni tamomlagach, buyurtmachi korxona yoki tashkilotda ishlash majburiyatini olgan holda ariza beradi. Tanlovda ishtirok etish uchun joriy o‘quv yilidagi GPA ko‘rsatkichi kamida 3 bo‘lishi talab etiladi.

Tanlov komissiyasi har yili 15-oktabrgacha talabgorlarni suhbat asosida saralab oladi. Saralash jarayonida buyurtmachi vakilining xulosasi asosiy mezon hisoblanadi.

Uch tomonlama shartnoma asosida tahsil olib, o‘qishni muvaffaqiyatli yakunlagan talabalar bitirgach buyurtmachi tomonidan belgilangan tartibda ishga qabul qilinadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2025/2026-o‘quv yili uchun nomdor davlat stipendiyalarida maxsus test sinovlari o‘tkazilmasligi haqida yozgandi.