O‘zbekistondagi 161 ta aeroport, avtovokzal va avtoturargoh qayta nomlanadi

O‘zbekistonda 161 ta aeroport, avtovokzal va avtoturargoh nomlarini davlat tili qoida va me’yorlariga moslashtirish bo‘yicha hukumat qarori qabul qilindi.
Shuningdek, 21 ta transport obyektiga yangi nom berilishi belgilandi. Ushbu o‘zgarishlar nomlanishdagi turli yozuv va talqinlarni bartaraf etishga xizmat qiladi.
Xususan, Toshkent shahri Yashnobod tumanida joylashgan Toshkent – Sharqiy aeroporti Toshkent – Humo deb qayta nomlandi.
Shu bilan birga, Transport vazirligi «Uzbekistan Airports» AJ, «Uzbekistan Airways» AJ, Kadastr agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda uch oy muddatda tegishli hujjatlar, xaritalar va ma’lumotlar bazalariga o‘zgartirishlar kiritadi.
Shuningdek, aeroportlar, avtovokzallar va avtoturargohlardagi peshlavhalar hamda axborot ko‘rsatkichlaridagi barcha yozuvlar lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida, davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiq rasmiylashtiriladi.
Avtovokzal va avtoturargohlarga nom berish hamda ularning nomini o‘zgartirish Vazirlar Mahkamasi vakolatiga kirishi belgilandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mudofaa sohasidagi atamalarning milliy muqobillari ko‘rib chiqilayotgani haqida yozgandi.