Uzun tumanida 5 oylik bolasi va xotinini molxonada saqlagan erkak 13 yilga qamaldi

Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida ayol va uning chaqalog‘iga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilgani haqidagi holat yuzasidan olib borilgan jinoyat ishi bo‘yicha sud hukmi o‘qildi. Unga ko‘ra, Sh.A bir qator moddalar bilan aybli deb topilib, 13 yilga qamaldi.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, 2025-yil 26-avgust kuni Uzun tumanidagi mahallalardan birida noma’lum ayol va uning 5 oylik farzandi molxonada majburan, og‘ir va antisanitariya sharoitida saqlanayotgani aniqlangan. Holat yuzasidan olingan murojaat asosida profilaktika inspektori voqea joyiga yetib borgan va uy egalarining qarshiligiga qaramay, molxona eshigini buzib kirgan.
Tekshiruv jarayonida 1981-yilda tug‘ilgan fuqaro o‘zining norasmiy turmush o‘rtog‘i va uning chaqaloq farzandini bir necha oy davomida majburan saqlab kelgani aniqlangan. Ma’lum bo‘lishicha, ayolning ruhiy holatidagi o‘ziga xos jihatlari ushbu zo‘ravonlikni davom ettirish uchun suiiste’mol qilingan.
Jabrlanuvchi ayol Uzun tumani tibbiyot birlashmasining jarrohlik bo‘limiga, farzandi esa tug‘uruq bo‘limiga joylashtirilgan. Ularning sog‘lig‘i viloyat ijtimoiy himoya tizimi mas’ullari tomonidan nazoratga olingan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar protsessual tartibda hibsga olingan. Ish bo‘yicha barcha zarur sud-tibbiy ekspertizalar tayinlanib, tergov harakatlari olib borilgan.
Mazkur ish yuzasidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Uzun tumani sudi hukmi bilan ayblanuvchi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining bir qator moddalari bilan aybdor deb topildi va unga 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, unga yordam bergan ikki nafar shaxs 9 yilga ozodlikdan mahrum etildi, bir nafariga esa 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri o‘zbekistonlik ayollar tinchlik va xavfsizlik borasida Markaziy Osiyoda oxirgi o‘rinni egallagani haqida yozgan edi.