Xiaomi shaxsiy chip, operatsion tizim va sun’iy intellektga ega smartfon ishlab chiqmoqda

Xiaomi kompaniyasi o‘zining uchta asosiy ishlanmasini protsessor, operatsion tizim va sun’iy intellektni birlashtirgan smartfon ustida ish olib bormoqda. Ushbu qurilma 2026-yilning ikkinchi yarmida namoyish etilishi mumkin.
Loyiha Apple va Huawei tajribasiga o‘xshash tarzda apparat va dasturiy ta’minotning chuqur optimizatsiyasini ta’minlashga qaratilgan. Xabarlarga ko‘ra, smartfonning «yuragi» TSMCning 3 nanometrli texnologiyasi asosida ishlab chiqariladigan XRING 02 chipseti bo‘ladi.
Qurilmaga internetga ulanmasdan ishlay oladigan generativ sun’iy intellekt o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Bu qadam kompaniyaning tashqi hamkorlarga bo‘lgan bog‘liqligini kamaytirish strategiyasining bir qismi hisoblanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xiaomi SU7 yangi avlodi oldindan sotuvga chiqqani haqida xabar bergan edi.