
Xitoyda BYD kompaniyasining yangilangan BYD Seagull va BYD Dolphin modellari sertifikatlandi. Eng muhim yangilik shundaki, hatto eng arzon BYD elektromobillari ham endi 350 metr masofagacha lidar bilan ta’minlanmoqda.
Lidar va sun’iy intellekt
Yangi versiyalar Robosense lidariga ega bo‘lib, yo‘l holatini tahlil qilish Nvidia Orin platformasi orqali amalga oshiriladi. Ushbu chip 254 TOPS unumdorlikni taklif etadi. Texnologiyalar BYD’ning «Xudo nigohi» (God’s Eye) deb ataluvchi haydovchiga yordam berish tizimining B darajali, ya’ni o‘rta toifasiga kiradi.
BYD Dolphin: texnika va o‘lchamlar
Lidar bilan jihozlangan BYD Dolphin Xitoyda bitta elektromotorli talqinda sertifikatlandi. Uning quvvati 136 ot kuchiga teng, maksimal tezligi 160 km/soatni tashkil etadi. Batareya BYD’ning litiy-temir-fosfat (LFP) turida bo‘lib, sig‘imi hozircha ochiqlanmadi. Avtomobil o‘lchamlari o‘zgarmagan: 4 280 x 1 770 x 1 570 mm, g‘ildirak bazasi 2 700 mm.

BYD Seagull: arzon segmentda texnologiya
BYD Seagull ham xuddi shunday ilg‘or yordamchi tizimlarni olmoqda. Bu esa arzon elektromobillar sinfida xavfsizlik va avtomatlashtirish darajasi sezilarli oshishini anglatadi.
Narxlar
Xitoy bozorida BYD Seagull narxi 69,8 mingdan ($10 ming) 85,8 ming yuanigacha ($12 ming) belgilanadi. BYD Dolphin esa 99,8 mingdan ($14 ming) 129,8 ming yuanigacha ($18 ming) taklif etilmoqda.
BYD’ning bu qarori elektromobillar bozorida muhim burilish sifatida baholanmoqda. Ilgari faqat qimmat modellarga xos bo‘lgan lidar va kuchli hisoblash platformalari endi ommaviy, arzon segmentga ham kirib kelmoqda. Bu esa Xitoyda nafaqat elektr transportining, balki yarim avtonom haydovchi texnologiyalarining ham tez ommalashishiga turtki beradi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan BYD kompaniyasi arzon elektromobillar ishlab chiqaruvchi yangi brendini ishga tushirishi haqida yozgan edi.