Avto

1977-yilgi «Jiguli» deyarli yangi holatda sotuvga qo‘yildi

E’lon Avto.ru platformasida joylashtirilgan
Foto: Avto.ru

Rossiyada 1977-yilda ishlab chiqarilgan VAZ-2101 («Jiguli») juda kam yurgan holatda sotuvga qo‘yildi. E’lon Avto.ru platformasida joylashtirilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, avtomobilning umumiy yurishi atigi 7,3 ming kmni tashkil etadi. Sotuvchi salonida hanuzgacha yangi mashina hidi saqlanib qolganini ta’kidlagan.

Mazkur avtomobil uchun 1 mln 575 ming rubl ($20 ming) so‘ralmoqda. Bu summa hozirda yangi Lada Vesta narxiga teng.

Foto: Vikipidiya

Sotuvga qo‘yilgan model VAZ-21011 modifikatsiyasiga mansub. Ushbu versiya 1974 – 1983-yillarda ishlab chiqarilgan. Model tashqi ko‘rinishidagi o‘zgarishlari, yog‘och ko‘rinishidagi bezakli salon dizayni va 1,3 litrli dvigateli bilan ajralib turadi. Dvigatel quvvati 69 ot kuchini tashkil etadi.

Sotuvchi avtomobil to‘liq original holatda saqlanganini bildirgan. Bo‘yoq qatlami, g‘ildiraklar va shinalar ham zavoddagi holicha qolgan. Mashina qariyb 30 yil davomida foydalanilmagan va quruq garajda saqlangan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan 45 yil avval ishlab chiqarilgan «Jiguli»ning noyob nusxasi arzon narxda sotuvga qo‘yilgani haqida yozgan edi.