23-yanvardan kredit ta’tili olish bo‘yicha yangi tartib kuchga kiradi

Shu yilning 23-yanvar kunidan boshlab O‘zbekiston bank tizimida moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan qarz oluvchilarning kreditlarini tasniflashning yangi tartibi kuchga kiradi. Bu haqda Markaziy bankning media muloqotida ishtirok etgan Kursiv Uzbekistan muxbiri xabar berdi.
Yangi tartibga ko‘ra, ayrim ijtimoiy va hayotiy holatlar sabab to‘lovlar kechiktirilgan yoki muddati uzaytirilgan taqdirda, kredit sifati avtomatik ravishda yomonlashgan deb baholanmaydi.
Xususan, qarz oluvchining murojaatiga asosan to‘lov muddati birinchi marta kechiktirilganda yoki uzaytirilganda, bunday kreditlar qayta ko‘rib chiqilgan aktivlar sifatida tasniflanmaydi. Bu banklar va mijozlar o‘rtasidagi munosabatlarda yanada moslashuvchan yondashuvni ta’minlashga qaratilgan.
Yangi qoidalarga ko‘ra, quyidagi holatlar moliyaviy qiyinchilik sifatida e’tirof etiladi, biroq belgilangan muddatlar doirasida kredit tasnifini yomonlashtirishga asos bo‘lmaydi.
Jumladan, qarz oluvchining ikki oydan ortiq muddat davomida vaqtincha mehnatga layoqatsiz bo‘lib qolishi, mehnat shartnomasining bekor qilinishi va ishsiz sifatida ro‘yxatga olinishi shular jumlasidan.
Shuningdek, qarz oluvchining birgalikda qarz oluvchisi yoki kafil bo‘lgan turmush o‘rtog‘ining vafot etishi, I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning qaramoqqa olinishi yoki qaramoqdagi nogironlar sonining ortishi ham inobatga olinadi. Qarz oluvchining o‘ziga nisbatan I yoki II guruh nogironligi belgilanishi ham ushbu toifaga kiradi.
Bundan tashqari, tabiiy yoki texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlarning yuzaga kelishi, shuningdek, qarz oluvchining homiladorlik va tug‘ish ta’tiliga chiqishi ham kredit majburiyatlarini vaqtincha qayta ko‘rib chiqish uchun asos bo‘ladi.
Mazkur holatlar bo‘yicha kechiktirilgan to‘lovlar 6 oydan kam yoki ayrim holatlarda 10 oydan kam muddatni tashkil etsa, kredit sifati pasaytirilmagan holda saqlab qolinadi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda 438 mingdan ortiq kishilar o‘ziga kredit olishni taqiqlagani haqida yozgandi.