
Apple va Google Apple Intelligence rivojlanishini tezlashtirish maqsadida hamkorlikni e’lon qildi. Kelishuv doirasida Kupertino kompaniyasi o‘z mahsulotlariga Google Gemini texnologiyalarini integratsiya qiladi.
Bitim Google ishlanmalari Apple’ning sun’iy intellekt funksiyalari uchun texnologik poydevor bo‘lishini nazarda tutadi. Bu Apple’ga Google bulutli infratuzilmasi va sun’iy intellekt modellariga asoslangan holda Apple Foundation Models’ning keyingi avlodini yaratish hamda ishga tushirish imkonini beradi.

Hamkorlik natijasida Siri ovozli yordamchisining generativ sun’iy intellekt imkoniyatlariga ega yangilangan versiyasi taqdim etilishi kutilmoqda. Ma’lumotlarni qayta ishlash jarayoni Apple’ning maxfiylik standartlariga qat’iy rioya qilgan holda, Private Cloud Compute tizimi orqali amalga oshirilishi ta’kidlangan.
Hamkorlik doirasida yangilangan Siri’ning ilk ishga tushirilishi 2026-yilning bahoriga rejalashtirilgan. Kutilayotgan yangi funksiyalar foydalanuvchilarga iOS 26.4 versiyasi relizi bilan birga taqdim etiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Apple iPhone 17e’ni ishlab chiqarishni boshlashi kutilayotgani haqida xabar bergan edi.