Banklar va moliya

Banklar faollik reytingi: 2025-yilda bank tizimining sof foydasi 57 foizdan ko‘proqqa oshdi

Tadqiqot respublikada faoliyat yuritayotgan 35 ta tijorat bankini qamrab oldi
Markaziy bankning valyuta bozoridagi faol ishtiroki hanuz saqlanib qolmoqda
Foto: MB

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) 2025-yil to‘rtinchi choragi yakunlari bo‘yicha Banklar faollik indeksi natijalariga asoslangan yangilangan banklar reytingini taqdim etdi. Tadqiqot respublikada faoliyat yuritayotgan 35 ta tijorat bankini qamrab oldi.

Ulardan 20 tasi filiallar soni va faoliyat ko‘lami bo‘yicha yirik banklar, qolgan 15 tasi esa kichik banklar toifasiga kiritilgan. Reyting 27 ta moliyaviy ko‘rsatkichni guruhlash, ularni respublika o‘rtacha darajasi yoki Bazel qo‘mitasi talablariga solishtirish orqali shakllantirilgan.

Markaz ma’lumotiga ko‘ra, mazkur reyting bank tizimida shaffoflikni oshirish va moliyaviy institutlarga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashda muhim instrument hisoblanadi. Qo‘llanilgan metodologiya xalqaro amaliyotga to‘liq mos bo‘lib, yetakchi global moliya institutlari tomonidan keng qo‘llaniladi.

Bank tizimining moliyaviy natijalari

2025-yil to‘rtinchi choragi yakunlariga ko‘ra, bank tizimining jami aktivlari 892,9 trln so‘mni ($74,2 mlrd), majburiyatlari esa 759,8 trln so‘mni ($63,1 mlrd) tashkil etdi. Kredit qo‘yilmalari 13 foizga oshgan bo‘lsa, jalb qilingan depozitlar ulushi 31 foizni tashkil etdi.

Valyuta operatsiyalari ulushining qisqarishi milliy valyuta barqarorligining mustahkamlanayotganidan dalolat bermoqda. Bank tizimining sof foydasi 13,5 trln so‘mga ($1,1 mlrd) yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 57,1 foizga oshdi.

Muammoli kreditlar ulushi 4,3 foizdan 3,5 foizgacha kamaydi. Bu kredit portfeli sifati yaxshilanayotganini ko‘rsatsa-da, ayrim banklarda mazkur ko‘rsatkich hanuz o‘rtacha darajadan yuqori bo‘lib qolmoqda. Kapital monandligi ko‘rsatkichlari minimal talabdan 1,4 baravar yuqori bo‘lib, tizim barqarorligini tasdiqlaydi.

Yirik banklar reytingida yetakchilar saqlanib qoldi

Shuningdek, yirik banklar segmentida yetakchi banklar o‘z pozitsiyalarini saqlab qoldi. Reytingda jiddiy siljishlar kuzatilmadi.

Foto: Markaziy bank

Eng sezilarli o‘sishni «O‘zsanoatqurilishbank» qayd etib, umumiy reytingda uch pog‘onaga ko‘tarildi. Shuningdek, «Davr bank», Orient Finans bank, «Xalq banki» va «Ipoteka bank» ijobiy dinamikani namoyon etdi.

Shu bilan birga, Invest Finans bank va «Aloqa bank» yirik banklar orasida faolligi pasaygan yagona moliyaviy institutlar bo‘ldi. Ular mos ravishda to‘rt va uch pog‘onaga pastladi.

Asosiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha pasayishlar

Moliyaviy vositachilik yo‘nalishida «Tenge bank» va «Ipak yo‘li bank» resurslarni jalb qilish va joylashtirish samaradorligi bo‘yicha pozitsiyalarini yo‘qotdi. Aktivlar sifati bo‘yicha «Agrobank», «O‘zmilliybank», «Trast bank», «Anor bank», «Aloqa bank» va «Asaka bank»da pasayish qayd etildi.

Likvidlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha yirik banklarning qariyb uchdan bir qismi o‘z o‘rnini yo‘qotgan. Eng katta pasayish «Davr bank»da qayd etildi, «Agrobank» esa ushbu indikator bo‘yicha so‘nggi o‘ringa tushib qoldi.

Kichik banklar segmentida barqarorlik

Kichik banklar guruhida nisbiy barqarorlik saqlanib qoldi. Reyting yetakchisi bo‘lgan «Universal bank» o‘z pozitsiyasini mustahkamlab qoldi. Apex bank, AVO bank va Madad Invest bank umumiy reytingda sezilarli o‘sishni qayd etdi.

Foto: Markaziy bank

Ayni paytda, Ziraat bank eng katta pasayishni ko‘rsatib, umumiy reytingda uch pog‘onaga tushdi. Octobank esa bir pog‘onaga ko‘tarilib, kichik banklar orasida uchinchi o‘rinni egalladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2030-yilgacha har yili bittadan davlat banki xususiylashtirilishi haqida yozgandi.